Donald Tramp Saudiya Arabistoni bilan uranni boyitishga ruxsat beruvchi yadroviy bitimni maʼqulladi
Iyul 22, 2026. 18:00 • 2 daq
• 58
VASHINGTON–AR-RIYOD, 22-iyul. /“Dunyo” AA/. AQSH Prezidenti Donald Tramp Saudiya Arabistoni bilan tinchlik yo‘lida yadro energetikasi bo‘yicha hamkorlik to‘g‘risidagi bitimni maʼqulladi, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA muxbiri “AP” agentligiga tayanib.
Manbaga ko‘ra, bu bitim qirollikka fuqarolik yadroviy dasturi uchun uranni boyitish imkoniyatini berishi mumkin. Ushbu hujjat yaqin kunlarda rasman eʼlon qilinishi mumkin.
30 yilga mo‘ljallangan hujjatda Amerika kompaniyalarining Saudiya Arabistoni yadroviy dasturini rivojlantirishda ishtirok etishi, jumladan, Amerika–Saudiya qo‘shma tadqiqoti o‘tkazilganidan so‘ng uranni boyitish korxonasini qurish imkoniyati ko‘zda tutilgan.
Bitim ko‘rib chiqish uchun AQSH Kongressiga yuborilishi kutilmoqda. Ekspertlarning fikricha, ayni paytda, Ar-Riyozga uranni boyitish texnologiyalarining taqdim etilishi yadro quroli tarqalishi xavfini oshirishi, Yaqin Sharqda yangi qurollanish poygasini keltirib chiqarishi mumkin.
“AP” maʼlumotlariga ko‘ra, hujjatda Saudiya Arabistonining yadroviy obyektlar ustidan qatʼiyroq xalqaro nazorat va inspeksiyalar o‘tkazishga imkon beruvchi Atom energiyasi bo‘yicha xalqaro agentlikning (MAGATE) Qo‘shimcha bayonnomasini qabul qilishi nazarda tutilmagan.
Kutilayotgan bitim AQSH va Isroilning Eron bilan davom etayotgan mojarosi fonida muhokama qilinmoqda. Vashington Tehronning yadro quroli yaratishiga yo‘l qo‘ymaslikni ushbu mojaroning maqsadlaridan biri deb atamoqda. Eron esa, o‘z navbatida, yadroviy dasturi faqat tinchlik maqsadlariga qaratilganini taʼkidlamoqda.
Telegram kanalimizga obuna bo‘ling
Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!
So‘nggi yangiliklar
Barchasi