O‘zbekiston Prezidenti “Cyber University” faoliyati bilan tanishib, Kelajak texnologiyalari markazi qurilishiga start berdi

Iyul 22, 2026. 19:46 • 5 daq

43
O‘zbekiston Prezidenti “Cyber University” faoliyati bilan tanishib, Kelajak texnologiyalari markazi qurilishiga start berdi

TOSHKЕNT, 22-iyul. /“Dunyo” AA/. Prezident Shavkat Mirziyoyev bugun Nurafshon shahrida axborot xavfsizligi va raqamli texnologiyalarga ixtisoslashgan “Cyber University” davlat universiteti faoliyati bilan tanishdi, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA muxbiri.

Davlatimiz rahbari matbuot xizmati ma’lumotiga ko‘ra, “O‘zbekiston – 2030” strategiyasida mamlakatimizni mintaqaviy IT-xabga aylantirish ustuvor maqsadlardan biri sifatida belgilangan. Buning uchun davlat boshqaruvi va iqtisodiyot tarmoqlarini raqamlashtirish, zamonaviy aloqa infratuzilmasini rivojlantirish, raqobatbardosh kadrlar tayyorlash hamda innovatsion ekotizimni kengaytirishga alohida e’tibor qaratilmoqda.

So‘nggi yillarda yaratilgan qulay sharoitlar natijasida yurtimizda AT kompaniyalar, yuqori daromadli ish o‘rinlari va raqamli xizmatlar eksporti izchil ko‘paymoqda. Mazkur jarayonda zamonaviy bilim va ko‘nikmalarga ega yosh mutaxassislarni tayyorlash muhim ahamiyat kasb etadi.

“Cyber University” davlat universiteti Prezidentimizning 2025-yil 20-yanvardagi qaroriga muvofiq, Raqamli texnologiyalar vazirligi huzurida mustaqil oliy ta’lim muassasasi sifatida tashkil etilgan.

Universitetda axborot va kiberxavfsizlik, sun’iy intellekt va robototexnika, kiberhuquq, raqamli kriminalistika hamda kiberiqtisodiyot sohalari uchun xalqaro talablarga javob beradigan mutaxassislar tayyorlanmoqda.

Bugungi kunda oliygohda 2 ta fakultet va 4 ta kafedra faoliyat yuritib, 8 ta bakalavriat hamda 2 ta magistratura yo‘nalishida qariyb 1 ming nafar talaba tahsil olmoqda.

Universitetda 1 ming 585 o‘rinli o‘quv binosi, 805 o‘rinli talabalar turar joyi, zamonaviy sport majmualari, oshxona va axborot-resurs markazi tashkil etilgan.

Davlatimiz rahbari universitetda yaratilgan sharoitlar bilan tanishdi. Oliygohda tahsil olayotgan yoshlar bilan samimiy muloqot bo‘lib o‘tdi.

– Kelajakda sizdek mutaxassislarga ehtiyoj yanada oshadi. Har bir soha va har bir hudud raqamli texnologiyalar bilan hamohang rivojlanmasa, mamlakat taraqqiy etmaydi. Shuning uchun sizlar o‘z ustingizda tinimsiz ishlab, eng zamonaviy bilimlarni egallashingiz kerak, – dedi Prezidentimiz.

Universitet jamoasi xalqaro kiberxavfsizlik musobaqalari va Shanxay hamkorlik tashkiloti doirasidagi xakatonlarda yuqori natijalarni qo‘lga kiritib kelmoqda. Ekologik barqarorlik tamoyillari asosida shakllantirilgan oliygohga “Yashil kampus” maqomi berilgan.

Shundan so‘ng Prezident Shavkat Mirziyoyev universitetga tutash hududda barpo etiladigan Kelajak texnologiyalari markazi qurilishiga tamal toshi qo‘yish marosimida ishtirok etdi.

Davlatimiz rahbari o‘z nutqida buyuk ajdodimiz Muhammad al-Xorazmiy asos solgan algoritmlar bugun global iqtisodiyotning o‘zagi va insonlar kundalik hayotining ajralmas qismiga aylanganini ta’kidladi.

Hozirgi dunyoda raqobat yillar va oylar bilan emas, balki daqiqalar va soniyalar bilan o‘lchanmoqda. Raqamlashtirishni ortga surgan, sun’iy intellektni o‘zlashtirmagan va innovatsiyalarga sarmoya kiritmagan davlatlar global taraqqiyotdan ortda qolishi qayd etildi.

– Hayotimizning barcha jabhalarini raqamlashtirish bilan jiddiy shug‘ullanmasdan turib, rivojlanish mumkin emas. Busiz kelajagimiz yo‘qligini barchamiz teran anglashimiz kerak, – dedi Prezident.

So‘nggi yillarda O‘zbekistonning axborot texnologiyalari sohasidagi natijalari xalqaro hamjamiyat tomonidan keng e’tirof etilmoqda. Joriy yilda venchur investitsiyalar hajmi 5 barobar ko‘payib, o‘sish sur’ati bo‘yicha mamlakatimiz jahonda birinchi o‘ringa ko‘tarildi.

O‘zbekistonning milliy startap ekotizimi qariyb 4,5 milliard dollarga yetdi. Innovatsion g‘oyalarni rag‘batlantirish maqsadida mukofot jamg‘armasi 5 million dollar bo‘lgan Prezident startap tanloviga start berildi.

Shuningdek, O‘zbekiston Sun’iy intellekt sohasida hamkorlik bo‘yicha Butunjahon tashkilotining ta’sischilaridan biri bo‘lib, bu boradagi global jarayonlarni shakllantirishda ishtirok etadigan davlatlar safidan joy oldi.

Umumiy maydoni 36 gektar bo‘lgan markaz qurilishiga qariyb 500 million dollar investitsiya jalb qilinadi. U ta’lim, ilmiy tadqiqot, texnologik sinov va ishlab chiqarish jarayonlarini birlashtiradigan yagona innovatsion ekotizim bo‘ladi.

Nurafshon shahrining tanlanishi bejiz emas. Bu yerdagi “Cyber University”da kiberxavfsizlik hamda axborot himoyasi sohalarida qariyb 1 ming nafar mutaxassis tayyorlanmoqda. Endi universitet atrofida butun mamlakat uchun namuna bo‘ladigan yaxlit innovatsion klaster shakllantiriladi.

Markazda kiberxavfsizlik, sun’iy intellekt, bulutli texnologiyalar va kriptografiya yo‘nalishlarida 6 ta zamonaviy laboratoriya tashkil etiladi.

Shuningdek, sun’iy intellekt data-markazi va muhandislik klasteri, himoyalangan kompyuter hamda ma’lumot uzatish qurilmalari, yuqori texnologik tokenlar ishlab chiqarish markazi barpo etiladi. Uchuvchisiz dron qurilmalari va robototexnika vositalarini sinovdan o‘tkazish uchun maxsus poligon faoliyati yo‘lga qo‘yiladi.

Osiyo taraqqiyot banki ko‘magida mahalliy texnologiyalarni tijoratlashtirish va milliy mahsulotlarni xalqaro bozorlarga olib chiqish platformasi yaratiladi. Loyihalarni barqaror elektr energiyasi bilan ta’minlash uchun 5 megavattli energetika quvvatlari barpo etiladi.

Markazga yetakchi global kompaniyalar, universitetlar va olimlarni jalb qilish, talabalar va xodimlar uchun zamonaviy ijtimoiy, madaniy va maishiy infratuzilma yaratish ko‘zda tutilgan.

Eng muhimi, mazkur innovatsion ekotizimda 5 mingdan ziyod yuqori malakali ish o‘rni tashkil etiladi. Markaz Toshkent viloyatida raqamli iqtisodiyotni rivojlantirish va hududning innovatsion salohiyatini yuksaltirishga katta turtki beradi.

Qayd etilganidek, joriy yilda Toshkent viloyatining raqamli xizmatlar eksporti ilk bor 50 million dollarga yetishi kutilmoqda. Mavjud imkoniyatlarni yanada kengaytirish uchun Nurafshon va Chirchiq shaharlarida zamonaviy IT park binolari qurilishiga ham start berildi.

– Uzoqni ko‘zlab, chin dildan amalga oshirayotgan ortga qaytmas islohotlarimiz Yangi O‘zbekiston bunyodkori bo‘lgan yoshlarimiz kelajagi uchun mustahkam poydevor bo‘ladi. “Raqamli O‘zbekiston” kelgusi avlodlarga bizdan munosib meros bo‘lib qoladi, – dedi davlatimiz rahbari.

Mazkur maskanni Toshkent viloyatining sun’iy intellekt va raqamlashtirish markaziga, yoshlarning bilim, iste’dod va qobiliyatini ro‘yobga chiqaradigan zamonaviy majmuaga aylantirish asosiy maqsad ekani ta’kidlandi.

Kelajak texnologiyalari markazida amalga oshiriladigan ilmiy ishlanmalar, texnologik yechimlar va kashfiyotlar mamlakatimizning xalqaro nufuzini yanada yuksaltirishga xizmat qilishi qayd etildi.

Marosimda Xitoy, Rossiya va Germaniya kompaniyalari ishtirokida amalga oshiriladigan, umumiy qiymati 465 million dollar bo‘lgan 9 ta yangi loyiha qurilishiga ham start berildi.

Ushbu yangi quvvatlar ishga tushishi natijasida yana 5 mingta ish o‘rni yaratiladi, aholining zamonaviy ijtimoiy xizmatlardan foydalanish imkoniyatlari kengayadi.

Prezident Shavkat Mirziyoyev xorijiy hamkorlar, mutaxassislar va quruvchilarga muvaffaqiyat tiladi.

Default Avatar

Material muallifi

Адилбек Каипбергенов

editor1@dunyo.info

Telegram kanalimizga obuna bo‘ling

Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!

Kanalga o‘tish