O‘zbekiston Prezidenti Urganch xalqaro aeroportidagi bunyodkorlik ishlari bilan tanishdi
Avgust 17, 2026. 13:02 • 3 daq
• 116
TOSHKENT, 17-avgust. /“Dunyo” AA/. Bugun Xorazm viloyatiga yetib kelgach, Prezident Shavkat Mirziyoyev Urganch xalqaro aeroportida amalga oshirilayotgan bunyodkorlik ishlarini ko‘zdan kechirdi, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA muxbiri.
Davlatimiz rahbari matbuot xizmati maʼlumotiga ko‘ra, keyingi yillarda Xorazm vohasiga kelayotgan mehmonlar oqimi bir necha karra ortdi. Turistik salohiyatni ishga solishga qaratilgan tashabbuslar doirasida xalqaro standartlarga javob beradigan transport-logistika infratuzilmasi yaratilayotgani eʼtiborga molik.
Xususan, Urganch xalqaro aeroportida rasmiy delegatsiyalarga xizmat ko‘rsatadigan terminal bunyod etilib, yangi aerodrom majmuasi rekonstruksiyasining birinchi bosqichi jadal davom ettirilmoqda.
Prezident Shavkat Mirziyoyevning Xorazm viloyatiga tashrifi ana shu loyihalar bilan tanishishdan boshlandi.
Aeroport 1960-yilda ishga tushgan. Unga 1992-yilda xalqaro maqom berilgan. Umumiy maydoni 285 gektardan ortiqni tashkil etadigan bu majmua o‘tgan yillar davomida minglab yo‘lovchilarga xizmat ko‘rsatib keldi. Bugungi kunda aeroport orqali o‘nga yaqin nufuzli aviakompaniya tomonidan muntazam qatnovlar yo‘lga qo‘yilgan. Joriy yilning o‘zida aeroport tomonidan jami 126 milliard so‘mlik xizmatlar ko‘rsatilib, mazkur ko‘rsatkich 2025-yilning mos davriga nisbatan 31 foizga o‘sdi.
Jadal rivojlanayotgan zamon, ortib borayotgan sayyohlar oqimi va xalqaro hamkorlik ko‘lami mavjud quvvatlarni tubdan kengaytirishni kun tartibiga qo‘ymoqda.
Urganch xalqaro aeroportini kengaytirish va modernizatsiya qilish uchun jami 264 million dollar miqdorida investitsiya mablag‘lari yo‘naltirilgan. Loyiha davlat-xususiy sheriklik asosida amalga oshirilmoqda.
Loyihaning xususiy sherigi sifatida dunyoning eng ilg‘or, yuqori texnologik va nufuzli aviatsiya xablaridan birini boshqaradigan Janubiy Koreyaning “Incheon International Airport Corporation” kompaniyasi jalb etildi.
Prezidentimiz Xiva va Urganch shaharlari yirik xalqaro sammitlar, oliy darajadagi diplomatik uchrashuvlar, nufuzli iqtisodiy va madaniy anjumanlar o‘tkaziladigan global maydonga aylanayotganini taʼkidladi. Bunday tadbirlarga kelayotgan xorijiy delegatsiyalar uchun yuqori darajadagi qulaylik va xavfsizlikni taʼminlash mamlakatning xalqaro maydondagi obro‘-eʼtiboriga bevosita xizmat qilishi qayd etildi.
Rekonstruksiya doirasida aeroportda “Boeing 747” va “Airbus A350” kabi keng fyuzelyajli havo kemalarini bemalol qabul qilish imkoniyati yaratilmoqda. Bu endilikda dunyoning turli qitʼalaridan Xorazmga to‘g‘ridan-to‘g‘ri, tranzitsiz uzoq masofali parvozlarni amalga oshirish imkonini beradi.
Shuningdek, rekonstruksiya ishlarining birinchi bosqichida 18 ta havo kemasi turargohi hamda yangi burilish yo‘lagi qurib bitkaziladi. Bundan tashqari, aeroportda zamonaviy chegara nazorati va viza bo‘limlari, shinam biznes-zal, turli savdo va ovqatlanish shoxobchalari, kechayu kunduz ishlaydigan tibbiyot punkti hamda dunyo brendlarini mujassam etgan “Duty free” zonasi tashkil etilmoqda.
Loyiha yakunlangach, yo‘lovchilarga xizmat ko‘rsatish quvvati soatiga 300 nafardan 1 ming 300 nafargacha ortadi.
Telegram kanalimizga obuna bo‘ling
Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!
So‘nggi yangiliklar
Barchasi