O‘zbekiston Prezidenti yo‘l xo‘jaligi sohasidagi yangi ilmiy-amaliyot markazini ko‘zdan kechirdi
Noyabr 27, 2026. 14:39 • 4 daq
• 31
TOSHKENT, 27-noyabr. /“Dunyo” AA/. Prezident Shavkat Mirziyoyev bugun Avtomobil yo‘llari qo‘mitasining ilmiy-amaliyot markaziga tashrif buyurib, muassasa faoliyati va bu yerda yaratilgan sharoitlar bilan tanishdi, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA muxbiri.
Davlatimiz rahbari matbuot xizmati ma’lumotiga ko‘ra, so‘nggi yillarda mamlakatimizda ilmiy tadqiqotlar va ilg‘or tajribani ta’lim jarayoniga tatbiq etish, iqtisodiyot tarmoqlari uchun zamonaviy bilim va ko‘nikmalarga ega malakali kadrlar tayyorlashga alohida e’tibor qaratilmoqda.
Avtomobil yo‘llari qo‘mitasining mazkur markazi ham ana shu maqsadda tashkil etilgan. U yo‘l xo‘jaligida ilmiy izlanishlarni rivojlantirish, zamonaviy texnologiyalarni joriy etish va yangi avlod muhandislarini tayyorlashga xizmat qiladi. Umumiy maydoni 2,7 gektar bo‘lgan majmuada 80 ta doimiy ish o‘rni yaratilgan.
Markazning o‘quv poligonida avtomobil yo‘llarining konstruksiyalari va asosiy elementlari haqiqiy o‘lchamlarda aks ettirilgan. Bu yerda mutaxassislar va talabalar yo‘l to‘shamasi qatlamlari, yo‘l belgilari, xavfsizlik to‘siqlari, suv qochirish tizimlari, ko‘priklar hamda suv o‘tkazish quvurlarining tuzilishi va vazifalarini amaliyotda o‘rganishi mumkin.
Poligonda I-V texnik toifalarga mansub avtomobil yo‘llarining geometrik parametrlari, ularga mos sement-beton, issiq va sovuq asfalt-beton, shag‘al hamda chaqiqtosh qoplamalari namoyish etilgan. Jami 75 turdagi yo‘l elementlari jamlangan.
Majmuada maxsus texnika parki ham barpo etilgan. Unda yo‘l-qurilish mashinalari, yo‘l qatlamlarini diagnostika qilishga mo‘ljallangan ko‘chma laboratoriya, sun’iy intellekt asosida ishlovchi kuzatuv va vazn o‘lchash tizimlari bilan jihozlangan transport vositalari mavjud. Bu yerda zamonaviy texnikaning ishlash tamoyillari va undan foydalanish usullari o‘rgatiladi.
Majmua tarkibidagi Vaziyat markazida avtomobil yo‘llarining texnik holati, transport harakati, ob-havo sharoiti, qurilish va ta’mirlash ishlariga oid ma’lumotlar yagona raqamli tizimda jamlanadi va tahlil qilinadi.
Markaz qo‘mitaning 7 ta axborot tizimi bilan integratsiya qilingan. Bu yerda RAMS tizimi orqali 42,4 ming kilometr avtomobil yo‘lining texnik holatini baholash, sun’iy intellekt yordamida yo‘l qoplamasini tahlil qilish, WIM tizimi orqali transport vositalarining og‘irligini o‘lchash, yo‘l-qurilish texnikasi harakatini GPS orqali kuzatish va pulli yo‘llardagi to‘lovlarni onlayn nazorat qilish imkoniyatlari yaratilgan.
Ayni paytda markazning 9 nafar operatori xalqaro ahamiyatdagi A-373 avtomobil yo‘lining Qamchiq dovoni orqali o‘tuvchi 100 kilometrlik qismini real vaqt rejimida kuzatib bormoqda.
Mas’ul vazirlik va idoralarning axborot tizimlari bilan integratsiya orqali yo‘llardagi vaziyatni avtomatik tahlil qilish, xavf-xatarlarni oldindan aniqlash va tezkor ogohlantirish mexanizmi yo‘lga qo‘yilgan.
Mutaxassislar malakasini oshirish va talabalarning nazariy bilimlarini mustahkamlash uchun interfaol vositalar bilan jihozlangan 3 ta o‘quv xonasi va ilmiy kutubxona tashkil etilgan.
Yo‘l-qurilish materiallarini tadqiq etish va sinovdan o‘tkazishga mo‘ljallangan 3 ta zamonaviy laboratoriya ish boshlagan. Ularda asfalt-beton, sement-beton, inert materiallar va bitumning xususiyatlari o‘rganiladi. Hozirda bu yerda 15 nafar olim va 5 nafar izlanuvchi ilmiy faoliyat olib bormoqda.
Prezidentimiz majmuadagi “Vaqt magistrali” muzeyi bilan ham tanishdi.
Bu yerda O‘zbekiston yo‘l xo‘jaligining shakllanishi va rivojlanish tarixiga oid 107 ta eksponat, turli davrlarda qo‘llanilgan qurilish materiallari, texnologiyalar hamda noyob muhandislik yechimlari namoyish etilgan.
O‘tgan asrga oid yo‘l-qurilish mashinalari ham jamlangan bo‘lib, ularning tarixi va vazifalari haqida interfaol ekranlar orqali uch tilda ma’lumot olish mumkin.
Davlatimiz rahbari markaz imkoniyatlaridan samarali foydalanib, yo‘l xo‘jaligi uchun malakali muhandis va mutaxassislar tayyorlash, ilmiy tadqiqotlarni sohaning amaliy ehtiyojlariga yo‘naltirish, yo‘l qurilishi sifati va ekspluatatsiya samaradorligini oshirishda zamonaviy texnologiyalarni keng qo‘llash muhimligini ta’kidladi.
Shu yerning o‘zida avtomobil yo‘llari sohasida yirik loyihalarni amalga oshirishda ishtirok etayotgan xorijiy investorlar bilan suhbat bo‘ldi.
Telegram kanalimizga obuna bo‘ling
Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!
So‘nggi yangiliklar
Barchasi