O‘zbekiston Prezidenti raisligida O‘mon, Iordaniya va Turkiya bilan erishilgan kelishuvlarni amalga oshirish choralari ko‘rib chiqildi
Noyabr 25, 2026. 22:05 • 4 daq
• 65
TOSHKЕNT, 25-noyabr. /“Dunyo” AA/. Prezident Shavkat Mirziyoyev bugun xorijiy tashriflar yakunlari bo‘yicha erishilgan kelishuvlarni amalga oshirish, shuningdek, 2027-yilda mamlakatimizda yirik xalqaro tadbirlarni o‘tkazishga tayyorgarlik ko‘rish masalalari yuzasidan yig‘ilish o‘tkazdi, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA muxbiri.
Davlatimiz rahbari matbuot xizmati ma’lumotiga ko‘ra, 16-17-noyabr kunlari O‘mon Sultonligiga va 23-24-noyabr kunlari Iordaniya Hoshimiylar Podshohligiga amalga oshirilgan davlat tashriflari O‘zbekistonning ushbu mamlakatlar bilan munosabatlarini yangi bosqichga olib chiqdi. Oliy darajadagi muzokaralar yakunida strategik sheriklik to‘g‘risida bitimlar imzolandi, uzoq muddatli istiqbolga mo‘ljallangan amaliy hamkorlikning keng qamrovli kun tartibi shakllantirildi.
O‘monga davlat tashrifi doirasida 30 dan ortiq ikki tomonlama hujjat imzolanib, 5 milliard dollarlik qo‘shma loyihalar portfeli shakllantirildi. O‘zaro tovar ayirboshlash hajmini 1 milliard dollarga yetkazish maqsad qilindi.
Energetika, elektrotexnika, kimyo va tog‘-kon sanoati, shaharsozlik, qishloq xo‘jaligi, moliya va raqamli texnologiyalar sohalarida hamkorlikning istiqbolli yo‘nalishlari belgilab olindi.
Iordaniyaga davlat tashrifi davomida esa 19 ta ikki tomonlama hujjat qabul qilindi va imzolandi. Ular orasida Imtiyozli savdo to‘g‘risidagi bitim alohida ahamiyatga ega bo‘lib, uning amalga oshirilishi o‘zaro tovar ayirboshlash hajmini 500 million dollarga yetkazishga xizmat qiladi.
To‘qimachilik korxonalarini ochish, muhim minerallarni o‘zlashtirish, farmatsevtika mahsulotlari ishlab chiqarishni mahalliylashtirish, mineral o‘g‘itlar ishlab chiqarish va agrosanoat klasterlarini barpo etish bo‘yicha qo‘shma loyihalar rejalashtirilgan.
Yig‘ilishda Turkiya bilan erishilgan kelishuvlarning ijro holati ham atroflicha ko‘rib chiqildi.
Joriy yil yanvar oyida davlatimiz rahbarining Anqara shahriga rasmiy tashrifi va Oliy darajadagi strategik hamkorlik kengashining to‘rtinchi yig‘ilishi yakunlari bo‘yicha keng qamrovli strategik sheriklik munosabatlarini yanada chuqurlashtirishning ustuvor yo‘nalishlari belgilab olingan edi. O‘zaro tovar ayirboshlash hajmini 5 milliard dollarga yetkazish, sanoat kooperatsiyasini kengaytirish va hududlararo aloqalarni faollashtirish vazifalari qo‘yildi.
Ushbu kelishuvlarni amalga oshirish yo‘lidagi muhim qadam sifatida joriy yil oktyabr oyida Anqara shahrida ikki mamlakat yetakchilarining muzokaralari yakunida O‘zbekiston – Turkiya biznesni qo‘llab-quvvatlash bo‘yicha yuqori darajadagi kengashi ta’sis etildi.
19-noyabr kuni Toshkent shahrida Turkiyaning 150 dan ortiq kompaniyasi vakillari ishtirokida o‘tkazilgan kengashning birinchi yig‘ilishi doirasida 11,2 milliard dollarlik investitsiya va savdo kelishuvlariga erishildi.
Parrandachilik va bog‘dorchilik, sog‘liqni saqlash, farmatsevtika, shaharsozlik, geologiya va turizm sohalarida hamkorlikni kengaytirish uchun qo‘shimcha imkoniyatlar mavjud.
Yig‘ilishda imzolangan hujjatlar ijrosini ta’minlash, investitsiya loyihalarini jadal ishlab chiqish, ularni moliyalashtirish manbalarini aniqlash va zarur infratuzilmani yaratish bo‘yicha birinchi galdagi vazifalar belgilab olindi.
Har bir mamlakat bo‘yicha aniq chora-tadbirlar, ularni amalga oshirish muddatlari va mas’ul ijrochilar ko‘rsatilgan kompleks “yo‘l xaritalari”ni shakllantirish zarurligi ta’kidlandi.
Shuningdek, turizm, ta’lim, ilm-fan va madaniyat sohalaridagi kelishuvlarni ro‘yobga chiqarish, to‘g‘ridan to‘g‘ri aviaqatnovlar va hududlararo hamkorlikni rivojlantirish muhimligi qayd etildi.
Vazirliklar, tarmoqlar va hududlar rahbarlariga xorijlik sheriklar bilan doimiy muloqotni yo‘lga qo‘yish, qo‘shma loyihalarning amalga oshirilishiga tizimli ko‘maklashish va yuzaga kelayotgan masalalarni tezkor hal etish topshirildi.
Yig‘ilishda yil boshidan buyon amalga oshirilgan boshqa xorijiy tashriflar va oliy darajadagi muzokaralar yakunida erishilgan kelishuvlarning ijrosi ham ko‘rib chiqildi.
Shu bilan bir qatorda, 2027-yilda bo‘lib o‘tadigan yirik xalqaro tadbirlarga tayyorgarlik ko‘rish masalalari muhokama qilindi. Ularning kun tartibini mazmunli qilib shakllantirish, ko‘p tomonlama hamkorlikni yanada rivojlantirishga qaratilgan tashabbus va takliflarni ishlab chiqishga alohida e’tibor qaratildi.
Mas’ul idoralarga tadbirlarga mazmuniy va tashkiliy jihatdan tayyorgarlikning barcha yo‘nalishlarida hamjihatlikda ish olib borish, xorijlik sheriklar bilan zarur maslahatlashuvlar o‘tkazish va bo‘lajak tadbirlarni yuksak saviyada tashkil etish uchun barcha sharoitlarni yaratish topshirildi.
Yig‘ilishda elektrotexnika sanoatini yanada rivojlantirishning ustuvor vazifalari ham ko‘rib chiqildi.
2030-yilga qadar tarmoqda ishlab chiqarish hajmini 130 trillion so‘mga, eksportni 5 milliard dollarga yetkazish, qiymati 11 milliard dollardan ziyod bo‘lgan investitsiya loyihalari portfelini shakllantirish maqsad qilingan. 2027-2029-yillarda oltita istiqbolli yo‘nalishda 164 ta loyihani amalga oshirish ko‘zda tutilgan.
Zamonaviy texnologiyalarni keng joriy etish, mahalliy xomashyoni chuqur qayta ishlash, mahalliylashtirish darajasini oshirish, milliy ishlab chiqaruvchilarning global ta’minot zanjirlaridagi o‘rnini mustahkamlash va mahalliy brendlarni tashqi bozorlarga olib chiqishga alohida e’tibor qaratildi.
Yuqori malakali kadrlar tayyorlash, jumladan, “Ming nafar muhandis-konstruktor” dasturini amalga oshirish tarmoqni yanada rivojlantirishning muhim omili bo‘ladi.
Telegram kanalimizga obuna bo‘ling
Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!
So‘nggi yangiliklar
Barchasi