Logo

O‘zbekiston Prezidenti Ohangaron tumanidagi yuqori kuchlanishli kabel ishlab chiqaruvchi korxona bilan tanishdi

Fevral 13, 2026. 14:23 • 2 daq

20
O‘zbekiston Prezidenti Ohangaron tumanidagi yuqori kuchlanishli kabel ishlab chiqaruvchi korxona bilan tanishdi

TOSHKENT, 13-fevral. /“Dunyo” AA/. Prezident Shavkat Mirziyoyev bugun Toshkent viloyatining Ohangaron tumaniga tashrif buyurib, yuqori kuchlanishli kabel mahsulotlari ishlab chiqarishga ixtisoslashgan “Enco Group” korxonasi faoliyati bilan tanishdi, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA muxbiri.

Davlatimiz rahbari matbuot xizmati maʼlumotiga ko‘ra, mamlakatimizda energetika tarmog‘ini jadal modernizatsiya qilish, yangi elektr stansiyalari va nimstansiyalar qurish, magistral tarmoqlarni yangilash hamda qayta tiklanuvchi energiya manbalarini keng joriy etish bo‘yicha keng ko‘lamli ishlar amalga oshirilmoqda.

Iqtisodiyot tarmoqlari va aholi sonining o‘sishi natijasida elektr energiyasiga bo‘lgan ehtiyoj ortib borayotgani yuqori kuchlanishli elektr uzatish tarmoqlarini rivojlantirishni taqozo etmoqda. Shu bois, yuqori kuchlanishli kabel mahsulotlariga ichki va tashqi bozorlarda barqaror talab shakllanmoqda.

Faoliyati ushbu talabni qondirishga qaratilgan “Enco Group” korxonasi Belarus Respublikasining “Energokomplekt” kompaniyasi bilan hamkorlikda “Eltech Industrial” texnoparki hududida 21 gektar maydonda barpo etilmoqda. Loyihaning umumiy qiymati qariyb 60 million dollarni tashkil etadi. Korxona to‘liq quvvatga chiqqanidan so‘ng 600 ga yaqin yangi ish o‘rni yaratiladi.

Loyiha ikki bosqichda amalga oshirilmoqda. Korxona yiliga 25 ming tonna mahsulot ishlab chiqarishi, eksport salohiyati 300 million dollarni tashkil etishi kutilmoqda.

Ayni paytda qurilish ishlarining birinchi bosqichi 98 foizga yakunlangan, 10 million dollardan ortiq investitsiya o‘zlashtirilgan. Korxona mahsulotlarini Germaniya, Latviya, Estoniya, Bolgariya va MDH davlatlariga eksport qilish rejalashtirilgan bo‘lib, dastlabki hisob-kitoblarga ko‘ra, yillik eksport hajmi 140 million dollarga yetishi taxmin qilinmoqda.

O‘tgan yili mamlakatimizga 400 million dollarga yaqin yuqori kuchlanishli kabel mahsulotlari va izolyatsiyalangan mis shinalar import qilingan. Korxona to‘liq ishga tushirilgandan keyin 150 million dollarlik import o‘rnini bosuvchi shunday mahsulot ishlab chiqarish imkoniyati yaratiladi.

Markaziy Osiyoda bunday yo‘nalishda faoliyat yuritayotgan 12 ta korxonaning 4 tasi O‘zbekiston hissasiga to‘g‘ri kelishi qayd etildi. Bu mamlakatimizda elektrotexnika sanoati bosqichma-bosqich yuqori qo‘shilgan qiymat yaratadigan tarmoqqa aylanayotganini ko‘rsatadi.

Davlatimiz rahbariga korxonaning kelgusidagi rivojlanish rejalari, ishlab chiqarish hajmini kengaytirish, mahsulot turlarini ko‘paytirish hamda mahalliylashtirish darajasini oshirish bo‘yicha takliflar taqdimot qilindi.

Prezidentimiz sanoat kooperatsiyasini kengaytirish, mahalliy xomashyodan samarali foydalanish, ilg‘or texnologiyalarni joriy etish hamda eksportbop raqobatbardosh mahsulotlar ishlab chiqarishni yanada kuchaytirish yuzasidan mutasaddilarga tegishli ko‘rsatmalar berdi.

Default Avatar

Material muallifi

Адилбек Каипбергенов

editor1@dunyo.info

Telegram kanalimizga obuna bo‘ling

Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!

Kanalga o‘tish