Logo

Berlindagi yirik xalqaro yarmarkada O‘zbekiston meva-sabzavotlari namoyish qilindi

Fevral 13, 2026. 12:31 • 2 daq

10

BERLIN, 13-fevral. /“Dunyo” AA/. Germaniya poytaxtida meva-sabzavot savdosi, qayta ishlash va eksport qilish bo‘yicha yirik xalqaro savdo yarmarkalaridan biri – “Fruit logistica – 2026” bo‘lib o‘tdi, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA muxbiri.

“Hamkorlikda rivojlanaylik” shiori ostida tashkil etilgan ko‘rgazmada asosiy eʼtibor xalqaro hamkorlikka qaratildi. Nufuzli tadbirda 90 ta davlatdan 3 mingdan ortiq ishtirokchi qishloq xo‘jaligi mahsulotlarini ishlab chiqarish, saqlash, qadoqlash va logistika bo‘yicha ilg‘or texnologiyalar hamda qayta ishlash sohasidagi innovatsiyalarni taqdim etdi.

Mazkur yarmarkada O‘zbekistondagi qishloq xo‘jaligi mahsulotlarini yetishtirish va eksport qilishga ixtisoslashgan “Musaevs Agrifoods”, “Fergana Exim Agro”, “Eastern Agro Export”, “Chortoq Mineral Water”, “QK”, “Urgut-Ufa Invest”, “Lord Fruits” kabi 20 dan ortiq yetakchi kompaniyalar “Made in Uzbekistan” milliy stendida ostida o‘z mahsulotlarini namoyish qildi.

O‘zbekiston delegatsiyasi Yevropa Ittifoqi Italiya, Niderlandiya, Ispaniya, Fransiya, Germaniya kabi davlatlarning yirik importyorlari vakillari bilan “B2B” shaklida uchrashuvlar o‘tkazdi.

Muzokaralarda eksport jug‘rofiyasini kengaytirish masalalari, meva-sabzavot mahsulotlarini qayta ishlash va yetkazib berish sohasidagi investitsiyaviy qo‘shma loyihalar, savdo-iqtisodiy hamkorlikni kengaytirish istiqbollari muhokama qilindi.

“Kompaniyamiz, asosan, Markaziy Osiyo, xususan, o‘zbekistonlik ishlab chiqaruvchilar va eksportyorlarni Germaniya bozoriga kirishiga ko‘maklashadi. Eksportyorlar uchun maxsus biznes-uchrashuvlar tashkil qilamiz. Xalqaro ko‘rgazmalar yoki kompaniyalarga tashriflar davomida ularga hamrohlik qilamiz, hamkorlar hamda mijozlar bilan aloqa o‘rnatishga ko‘maklashamiz. Bu orqali Germaniya va O‘zbekiston o‘rtasida mustahkam biznes ko‘priklarini barpo etamiz. Ko‘rgazmada O‘zbekistonlik kompaniyalar bilan uchrashib, hamkorlik va sheriklik masalalarini muhokama qildik. Germaniya bozoriga kirish rejalari yuzasidan muzokaralar o‘tkazdik. Bu kompaniyalar bilan hamkorlik qilishdan juda mamnunmiz”, deydi “Bridging Connect Executives – BCE” kompaniyasi hamtaʼsischisi Anna Kloze.

O‘zbekiston Savdo-sanoat palatasi raisi maslahatchisi Jamil Maqsudi yarmarka haqida o‘z fikrlari bilan o‘rtoqlashdi.

“Bu galgi yarmarkada O‘zbekiston ham ishtirok etdi. Uch kun davomida ikki tomonlama uchrashuvlar o‘tkazilib, kelgusidagi muvaffaqiyatli kelishuvlarga zamin yaratildi. Yevropa Ittifoqi mamlakatlari, Skandinaviya davlatlari, Turkiya, AQSh, Ispaniya, Italiya kabi davlatlar ishbilarmonlari O‘zbekiston mahsulotlari – meva-sabzavot, quritilgan meva va boshqa qishloq xo‘jaligi mahsulotlariga katta qiziqish bildirdi”, - deydi Jamil Maqsudi.

Default Avatar

Material muallifi

Xo‘jabek Nematilloxonov

dunyo@dunyo.info

Telegram kanalimizga obuna bo‘ling

Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!

Kanalga o‘tish