Qohira universitetida o‘zbek tili va madaniyati xonasi tashkil etiladi
Fevral 13, 2026. 12:24 • 2 daq
• 73QOHIRA, 13-fevral. /“Dunyo” AA/. Alisher Navoiy nomidagi xalqaro jamoat fondi ijrochi direktori Olimjon Davlatov boshchiligidagi delegatsiya Misrda bo‘lib qaytdi, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA muxbiri.
Tashrif doirasida tashkil etilgan uchrashuvlarda buyuk shoir va mutafakkir Alisher Navoiy tavalludining 585 yilligi bo‘yicha turli muloqotlar tashkil etildi.
Xususan, Qohira universiteti prorektori, professor Mahmud Al-Said bilan o‘tkazilgan muzokaralarda Alisher Navoiy ilmiy-maʼrifiy merosini o‘rganish, sharqshunoslik va turkiy adabiyot yo‘nalishlarida qo‘shma tadqiqotlar olib borish masalalari muhokama qilindi. Tomonlar Navoiy merosini arab dunyosida keng targ‘ib etish va qo‘lyozmalarni birgalikda tadqiq etish bo‘yicha hamkorlik istiqbollarini yuqori baholadi.
Uchrashuvda Qohira universitetida Alisher Navoiy nomidagi O‘zbek tili va madaniyati xonasini tashkil etish, o‘zbek tilini o‘qitish hamda ikki xalq adabiyoti durdonalarini o‘zaro tarjima qilishga alohida eʼtibor qaratildi.
“Ilm” merosni tiklash va raqamli xizmatlar muassasasi rahbari Abdulati Sharqaviy bilan bo‘lib o‘tgan uchrashuvda o‘zbek adabiyotiga oid nodir qo‘lyozmalarni raqamlashtirish va ilmiy doiralarga taqdim etish bo‘yicha kelishuvlarga erishildi. Muassasa fondidagi Alisher Navoiy va Temuriylar davriga oid manbalarni zamonaviy texnologiyalar asosida tadqiq etish jarayonida muhim ilmiy maʼlumotlar o‘rganildi.
Yakunda tomonlar ilmiy va madaniy aloqalarni tizimli ravishda rivojlantirish hamda istiqbolli qo‘shma loyihalarni amalga oshirishga tayyor ekanini bildirdi. Ushbu tashrif O‘zbekiston va Misr o‘rtasidagi madaniy-gumanitar hamkorlikni mustahkamlash hamda Navoiy merosini xalqaro miqyosda targ‘ib etishda muhim qadam bo‘ldi.
Telegram kanalimizga obuna bo‘ling
Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!
Barchasi


