Logo

O‘zbekistonlik taniqli diniy ulamo Janubiy Koreyada vatandoshlar bilan uchrashdi

Fevral 13, 2026. 11:45 • 59 soniya

16
O‘zbekistonlik taniqli diniy ulamo Janubiy Koreyada vatandoshlar bilan uchrashdi

SEUL, 13-fevral. /“Dunyo” AA/. O‘zbekistonlik taniqli diniy ulamo Odinaxon Muhammad Yusuf Janubiy Koreyaga tashrif buyurib, vatandoshlar bilan uchrashdi, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA muxbiri.

Tashrif davomida Seul, Tedjon va Kimxe shaharlarida turli uchrashuvlar tashkil etildi. Diniy ulamo vatandoshlarga islom dinining asl mohiyati va ahamiyati, yoshlarning diniy savodxonligini oshirish masalalarida to‘xtalib o‘tdi. 

Muloqot jarayonida milliy o‘zlikni saqlash nafaqat anʼana, balki kundalik hayotda o‘z aksini topishi kerak bo‘lgan ongli tanlov ekani taʼkidlandi. Xotin-qizlarning ilm olishga bo‘lgan intilishini qo‘llab-quvvatlash, musulmon bo‘lmagan mamlakatda farzandlar tarbiyasi, ularda milliy o‘zlikni anglash, xorijdagi hayot sharoitida ayollarning ruhiy muvozanatini saqlash, psixologik bosimga qarshi turish va ichki muvozanatni taʼminlash masalalari dolzarb ekani qayd etildi.

Odinaxon Muhammad Yusuf so‘nggi yillarda O‘zbekistonda diniy-maʼrifiy sohada amalga oshirilayotgan islohotlar, fuqarolarning eʼtiqod erkinligini taʼminlash borasida ko‘rilayotgan chora-tadbirlar haqida maʼlumot berdi. Shu maʼnoda, yurtdoshlarimizga ogoh bo‘lish, yot g‘oyalar, shuningdek, ekstremistik diniy tashkilotlar va oqimlar taʼsiriga tushib qolmaslik tavsiya etildi.

Vatandoshlar bilan bo‘lib o‘tgan ochiq muloqotlarda O‘zbekiston rahbariyati tomonidan xorijdagi fuqarolarga ko‘rsatilayotgan eʼtibor va ko‘mak, bu borada amalga oshirilayotgan amaliy chora-tadbirlar xususida fikr almashildi.

Tadbirlar yakunida ishtirokchilar o‘zlarini qiziqtirgan savollarga batafsil javob oldi.

Default Avatar

Material muallifi

Xo‘jabek Nematilloxonov

dunyo@dunyo.info

Telegram kanalimizga obuna bo‘ling

Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!

Kanalga o‘tish