O‘zbekiston Prezidenti qurilish loyihalari taqdimoti bilan tanishdi
Yanvar 15, 2026. 09:02 • 2 daq
• 77
TOSHKENT, 15-yanvar. /“Dunyo” AA/. Prezident Shavkat Mirziyoyev 14-yanvar kuni turizm, transport va ijtimoiy infratuzilmani rivojlantirishga qaratilgan qurilish loyihalari taqdimoti bilan tanishdi, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA muxbiri.
Davlatimiz rahbari matbuot xizmati maʼlumotiga ko‘ra, mamlakatimiz iqtisodiy o‘sishining yuqori surʼatlari, davlatimizning faol tashqi siyosati tufayli xalqaro hamkorlik kengayib, yurtimiz ishbilarmonlik va turizm markaziga aylanib borayotgani infratuzilmani shunga mutanosib rivojlantirishni taqozo etmoqda. Shu bois, zamonaviy transport tarmoqlari, xizmat ko‘rsatish obyektlari va jamoat binolarini barpo etishga alohida eʼtibor qaratilmoqda.
Taqdimotda turli hududlardagi bunyodkorlik rejalari ko‘rib chiqildi.
Jumladan, Xiva shahrida Kongress markazi va tarixiy-etnografik bog‘ barpo etilishi rejalashtirilgan. Bu inshootlar shaharda yirik xalqaro anjumanlar o‘tkazish va turistlar oqimini ko‘paytirishga xizmat qiladi.
Qurilishi rejalashtirilgan Konfutsiy instituti va Lu Ban ustaxonasida madaniy va maʼrifiy tadbirlar o‘tkazish, yoshlarni zamonaviy kasblarga o‘qitish uchun sharoitlar yaratiladi.
Urganch xalqaro aeroportini modernizatsiya qilish doirasida uning infratuzilmasini kengaytirish, yo‘lovchilar va yuklarga xizmat ko‘rsatish sifatini, logistika imkoniyatlarini oshirish orqali hududning transport salohiyatini yangi bosqichga olib chiqish ko‘zda tutilgan.
Bundan tashqari, Urganch vokzalidan yangilangan aeroportga alohida temir yo‘l liniyasi tortilishi natijasida yo‘lovchilar uchun qulaylik yanada oshadi.
Shuningdek, mavjud Urganch–Xiva avtomobil yo‘lini obodonlashtirish va ko‘kalamzorlashtirish hamda unga muqobil bo‘ladigan yangi avtoyo‘l qurish rejalari taqdimot qilindi.
Farg‘ona shahrida ekspomarkaz qurish loyihasi ham muhokama qilindi. Mazkur majmuada xalqaro ko‘rgazmalar, biznes forumlar va yirik tadbirlar o‘tkazish uchun zarur sharoitlar yaratilishi, bu esa hududning investitsiyaviy jozibadorligini oshirishga xizmat qilishi taʼkidlandi.
Shuningdek, Burxoniddin Marg‘iloniy ilmiy-tadqiqot markazini tashkil etish loyihasi taqdimot qilindi. Markazda maʼnaviy meros va ilmiy tadqiqotlar yo‘nalishida xalqaro darajadagi faoliyatni yo‘lga qo‘yish, zamonaviy ilmiy maktab shakllantirish ko‘zda tutilgan.
Buxoro davlat universiteting yangi zamonaviy kampusini barpo etish bo‘yicha takliflar ham ko‘rib chiqildi. Universitetda professor-o‘qituvchilar va talabalar uchun qulay taʼlim va ilmiy muhit yaratish zarurligiga eʼtibor qaratildi.
Rejalashtirilgan loyihalardan biri – Toshkent shahrida zamonaviy badiiy gimnastika majmuasi. Ushbu markazda yoshlarning iqtidorini yuzaga chiqarish va professional badiiy gimnastikachilarni tayyorlash uchun zarur shart-sharoitlar yaratiladi.
Prezidentimiz loyihalarni amalga oshirishda sifat, qulaylik va zamonaviy talablarga qatʼiy rioya qilish, shaharsozlik madaniyatini yuksaltirish hamda aholi ehtiyojlarini inobatga olish muhimligini taʼkidlab, mutasaddilarga tegishli ko‘rsatmalar berdi.
Telegram kanalimizga obuna bo‘ling
Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!
Barchasi