Logo

O‘zbekiston Prezidenti Sankt-Peterburg shahrida YOII sammitida ishtirok etdi

Dekabr 21, 2025. 22:45 • 3 daq

288
O‘zbekiston Prezidenti Sankt-Peterburg shahrida YOII sammitida ishtirok etdi

TOSHKENT, 21-dekabr. /“Dunyo” AA/. O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev bugun Sankt-Peterburg shahrida Oliy Yevroosiyo iqtisodiy kengashining navbatdagi yig‘ilishida kuzatuvchi davlat rahbari maqomida ishtirok etdi, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA muxbiri.

Davlatimiz rahbari matbuot xizmati maʼlumotiga ko‘ra, Belarus Prezidenti Aleksandr Lukashenko raisligida o‘tgan uchrashuvda Armaniston Bosh vaziri Nikol Pashinyan, Qozog‘iston Prezidenti Qasim-Jomart Toqayev, Qirg‘iziston Prezidenti Sadir Japarov va Rossiya Prezidenti Vladimir Putin ham qatnashdilar. YOII kuzatuvchi davlatlari rahbarlari – Kuba Prezidenti Migel Dias-Kanel va Eron Prezidenti Masʼud Pezeshkiyon ishtirokchilarga videomurojaat yo‘lladilar. Taklif qilingan davlat vakili sifatida tadbirda Indoneziya savdo vaziri Budi Santoso ishtirok etdi.

Kun tartibidan ko‘p tomonlama savdo-iqtisodiy hamkorlikni yanada kengaytirish, sanoat kooperatsiyasi loyihalarini qo‘llab-quvvatlash, transportni rivojlantirish va o‘zaro hamkorlikning ustuvor yo‘nalishlarida qo‘shma dasturlarni amalga oshirish masalalari o‘rin oldi.

O‘zbekiston Prezidenti nutqining avvalida YOII mamlakatlari bilan o‘zaro manfaatli hamkorlikni yanada kengaytirish mamlakatimiz tashqi iqtisodiy siyosatining ustuvor yo‘nalishlaridan biri ekanligini taʼkidladi.

Keyingi to‘rt yilda kuzatuvchi davlat maqomidagi hamkorlik davrida O‘zbekistonning ittifoq mamlakatlari bilan tovar ayirboshlash hajmi qariyb ikki baravarga oshdi va 20 milliard dollarga yaqinlashdi.

Savdo, sanoat, moliya tizimi, qishloq xo‘jaligi, transport va boshqa sohalarda 40 ga yaqin chora-tadbirlarni o‘z ichiga olgan Yevroosiyo iqtisodiy komissiyasi bilan 2026 yilgacha hamkorlik rejasi tizimli ravishda amalga oshirilmoqda. Kelgusi yilda qo‘shma Ishchi guruhning beshinchi yig‘ilishini Toshkentda o‘tkazish rejalashtirilgan.

O‘zbekiston savdo va yuk tashishni raqamlashtirish, elektron tijoratni joriy etish va iqlim o‘zgarishiga qarshi kurashish sohalarida YEOIIning bir qator tarmoq dasturlarida faol ishtirok etmoqda.

Oliy Yevroosiyo iqtisodiy kengashining bu galgi yig‘ilishi doirasida O‘zbekiston va YOII o‘rtasida bojxona chegaralari orqali o‘tkazilayotgan tovarlar va transport vositalari to‘g‘risidagi maʼlumotni almashish to‘g‘risida bitim tuzish yuzasidan muzokaralarni boshlash qarori qabul qilindi.

– Ishonchimiz komil, chegaralararo maʼlumotlar almashinuvi bojxona nazorati samaradorligini oshirishga, kechikishlarni kamaytirishga va transport tizimlarimizni Yevroosiyo yo‘laklariga integratsiya qilishga xizmat qiladi, – deya taʼkidladi davlatimiz rahbari.

O‘zbekiston Prezidenti Yevroosiyo iqtisodiy ittifoqi bilan o‘zaro manfaatli hamkorlikning ustuvor yo‘nalishlariga alohida to‘xtalib o‘tdi.

Xususan, davlatimiz rahbari o‘zaro tovar ayirboshlashda savdo to‘siqlarini bosqichma-bosqich bartaraf etish muhimligini taʼkidladi. Texnik jihatdan tartibga solish, sanitariya va fitosanitariya standartlariga yondashuvlarni uyg‘unlashtirish uchun MDH va YOII institutlari faoliyatini muvofiqlashtirishni kuchaytirish zarurligi ko‘rsatib o‘tildi. Shu maʼnoda, O‘zbekiston yetakchisi ortiqcha tartib-taomillarni bartaraf etish va talablarni birxillashtirish bo‘yicha “yo‘l xaritasi”ni ishlab chiqish taklifini bildirdi.

Texnik jihatdan tartibga solish, sertifikatlashtirish va bojxona maʼmurchiligidagi tafovutlar bilan bog‘liq masalalarni tezkor hal etish uchun tarif va notarif to‘siqlar bo‘yicha “O‘zbekiston – YOII” qo‘shma Muvofiqlashtiruvchi guruhini tashkil etish taklifi ilgari surildi.

Sanoat sohasidagi hamkorlikni yanada kengaytirish maqsadida mamlakatimiz rahbari mashinasozlik, energetika, agrosanoat majmui, kimyo va boshqa sohalardagi loyihalar ro‘yxatini birgalikda tuzishni taklif qildi.

O‘zbekistonning Yevroosiyo taraqqiyot bankiga qo‘shilishi munosabati bilan hamkorlikning strategik yo‘nalishlarini birgalikda belgilash hamda ustuvor infratuzilmaviy va “yashil” loyihalarni, kichik va o‘rta biznesni qo‘llab-quvvatlashni qamrab olgan “yo‘l xaritasi”ni ishlab chiqish tashabbusi bildirildi.

Raqamli texnologiyalar sohasidagi hamkorlikni rivojlantirish haqida gapirar ekan, O‘zbekiston Prezidenti bojxona maʼmurchiligini raqamlashtirish va yuk tashishda “uzluksiz” modelga o‘tish masalalari ustuvor vazifa ekanligini qayd etdi.

– Raqamli platformalarni, jumladan, elektron savdo va raqamli markirovkani uyg‘unlashtirish bo‘yicha “yo‘l xaritasi”ni YOIK bilan birgalikda tayyorlashni taklif etamiz, – dedi O‘zbekiston Prezidenti.

O‘zbekiston YOIIning, eng avvalo, biotibbiyot, yangi materiallar, agrotexnologiyalar, energetika va robototexnika yo‘nalishlaridagi texnologik platformalariga qo‘shilishdan manfaatdor.

Turizm almashinuvini rag‘batlantirish va turistik mahsulotlarning o‘zaro bog‘liqligini taʼminlash maqsadida davlatimiz rahbari O‘zbekiston turizm sohasida integratsiyalashgan axborot resursini shakllantirish ishlariga qo‘shilishga ham tayyorligini bildirdi.

Yakunda davlatimiz rahbari O‘zbekiston Yevroosiyo iqtisodiy ittifoqi bilan keng qamrovli va o‘zaro manfaatli sheriklikni kengaytirishga qatʼiy intilishini yana bir bor tasdiqladi.

Default Avatar

Material muallifi

Адилбек Каипбергенов

editor1@dunyo.info

Default Avatar

Material muallifi

Maftuna Rajabbayeva

maftuna@dunyo.info

Telegram kanalimizga obuna bo‘ling

Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!

Kanalga o‘tish