O‘zbekistonning Isroildagi turizm brendi elchisi tayinlandi
Yanvar 15, 2026. 10:05 • 52 soniya
• 36TEL-AVIV, 15-yanvar. /“Dunyo” AA/. O‘zbekiston elchixonasida Turizm qo‘mitasi tomonidan mamlakatimizning Isroildagi turizm brendi elchisi etib tayinlangan Nissan Mushayevga sertifikat topshirish marosimi bo‘lib o‘tdi, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA muxbiri.
O‘zbekiston va Isroil o‘rtasida turizm sohasidagi hamkorlikni rivojlantirish maqsadida tashkil etilgan tadbirda so‘zga chiqqan Nissan Mushayev o‘ziga bildirilgan ishonchni alohida eʼtirof etdi. U Isroil bozorida O‘zbekistonning turizm salohiyatini faol targ‘ib qilishga qaratilgan tashabbuslarni amaliy ro‘yobga chiqarish uchun barcha tajriba va bilimni ishga solishga tayyorligini bildirdi.
Nissan Mushayev “Asia Travel” sayyohlik kompaniyasi asoschisi bo‘lib, ko‘p yillar davomida Isroildagi O‘zbekiston sayyohlik yo‘nalishida muvaffaqiyatli faoliyat yuritib keladi. U har yili yurtimizga sayyohlik guruhlarini tashkil etib, Isroildan sayyohlar oqimining ko‘payishiga, O‘zbekiston sayyohlik tashkilotlari bilan barqaror va uzoq muddatli hamkorlik aloqalarini rivojlantirishga salmoqli hissa qo‘shmoqda.
Mazkur tadbir Isroil ommaviy axborot vositalari va ijtimoiy tarmoqlarda keng yoritildi. Xususan, “Jewish Traveler” nashri saytida O‘zbekistonning sayyohlik brendi elchisi tayinlanishining ahamiyati hamda isroillik sayyohlarning mamlakatimiz madaniy, tarixiy va ziyorat salohiyatiga qiziqishi ortib borayotgani haqida maqola eʼlon qilindi.
Telegram kanalimizga obuna bo‘ling
Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!
Barchasi


