Belarus OAV: O‘zbekiston bilan tovar ayirboshlash hajmi 13 barobardan ziyodga oshdi

Iyul 04, 2026. 13:30 • 2 daq

6
Belarus OAV: O‘zbekiston bilan tovar ayirboshlash hajmi 13 barobardan ziyodga oshdi

MINSK, 4-iyul. /“Dunyo” AA/. Belarus ommaviy axborot vositalari O‘zbekiston Prezidentining Belarusga bo‘lajak tashrifi bo‘yicha turli maqolalarni e’lon qilmoqda, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA muxbiri.

Xususan, “BelTA” AA, “ONT” telekanali va “SB. Belarus segodnya” gazetasi O‘zbekiston yetakchisining Minskka davlat tashrifi bo‘yicha tayyorgarlik jarayoni haqida alohida to‘xtalib o‘tgan. Bo‘lajak tashrif ikki davlat o‘rtasidagi strategik sheriklikni yanada mustahkamlashning muhim bosqichi sifatida baholangan.

Belarus OAV ikki tomonlama savdo-iqtisodiy hamkorlikning dinamik rivojlanishiga alohida e’tibor qaratdi. Materiallarda qayd etilishicha, so‘nggi o‘n yil ichida Belarus va O‘zbekiston o‘rtasidagi o‘zaro tovar ayirboshlash hajmi 13 barobardan ziyodga oshgan.

Qayd etilishicha, mamlakatlar sanoat kooperatsiyasini kengaytirish, qo‘shma investitsiya loyihalarini amalga tatbiq etish va yangi ishlab chiqarish zanjirlarini yaratish hisobiga o‘zaro tovar ayirboshlashni sezilarli darajada oshirish niyatida. Nashrlarda mashinasozlik, qishloq xo‘jaligi, oziq-ovqat sanoati, farmatsevtika va iqtisodiyotning boshqa tarmoqlarida hamkorlik qilish uchun ulkan salohiyat mavjudligi urg‘ulangan.

Shu bilan birga “ECCIS” ekspertlar hamjamiyatining ikki mamlakat o‘rtasida sanoat kooperatsiyasini rivojlantirish va transport-logistika aloqalarini takomillashtirishga bag‘ishlangan yig‘ilishi ham yoritildi. Muhokamalar davomida ekspertlar logistika to‘siqlarini yanada bartaraf etish, ishlab chiqarish kooperatsiyasini kengaytirish va xalqaro transport yo‘laklari doirasida hamkorlikni chuqurlashtirish zarurligini qayd etdi.

“Minsk News” axborot agentligi ma’lumotlariga ko‘ra, uchrashuv ishtirokchilari Belarus va O‘zbekistonning istiqbolda o‘zaro savdo hajmini bir necha barobar oshirish niyatida ekanini ta’kidlagan. Bunga yangi qo‘shma loyihalarning amalga oshirilishi hamda ishbilarmonlik aloqalarining kengayishi xizmat qilishi ma’lum qilingan.

Belarus nashrlari madaniy-gumanitar kun tartibiga ham katta e’tibor qaratgan. “Minsk News” portalining xabar berishicha, iyul oyida Belarusda O‘zbekiston madaniyati kunlari bo‘lib o‘tadi. Uning dasturidan san’at ustalarining konsertlari, ko‘rgazmalar, kinonamoyishlar, milliy an’analar taqdimotlari va ikki mamlakat ijodiy doiralari vakillarining uchrashuvlari o‘rin olgan.

Default Avatar

Material muallifi

Zilola Ahmedova

zilola@dunyo.info

Telegram kanalimizga obuna bo‘ling

Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!

Kanalga o‘tish