O‘zbekiston Prezidenti Toshkentning Olmazor tumanidagi zamonaviy klinikani borib ko‘rdi
Yanvar 23, 2026. 22:30 • 3 daq
• 125
TOSHKENT, 23-yanvar. /“Dunyo” AA/. Prezident Shavkat Mirziyoyev bugun Olmazor tumanidagi “Sinomed” ko‘p tarmoqli tibbiyot markazi faoliyati bilan tanishdi, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA muxbiri.
Davlatimiz rahbari matbuot xizmati maʼlumotiga ko‘ra, O‘zbekiston yetakchisi o‘tgan yili 10-noyabr kuni tibbiyot va farmatsevtika xodimlari bilan bo‘lib o‘tgan uchrashuvda tibbiy xizmatlarning 30 foizi xususiy sektor tomonidan ko‘rsatilayotganini, kelgusida tibbiyotda xususiy sektorni qo‘llab-quvvatlash va qo‘shimcha sharoitlar yaratish davom ettirilishini aytgan edi.
Ayni maqsadlarga muvofiq, yurtimizda ko‘p tarmoqli tibbiyot markazlarining faoliyatiga keng imkoniyatlar yaratib berilmoqda.
Olmazor tumanida joylashgan “Sinomed” ko‘p tarmoqli tibbiyot markazi bugungi kunda dolzarb bo‘lgan barcha yo‘nalishlarda, jumladan, tug‘uruq, pediatriya, xirurgiya, travmatologiya, ortopediya, endokrinologiya va boshqa yo‘nalishlarda faoliyat yuritib kelmoqda. Markaz 30 million dollar evaziga barpo etilgan bo‘lib, undagi uskunalar Buyuk Britaniya, Italiya, Yaponiya va Germaniya davlatlaridan olib kelingan.
Klinikada diagnostika hamda statsionar bo‘limlari mavjud. Markaz yiliga to‘rt yarim ming nafar bemorni qabul qilish quvvatiga ega. Bu yerda 300 dan ziyod ish o‘rinlari yaratilgan bo‘lib, 80 nafardan ortiq shifokor faoliyat yuritmoqda. Ulardan 60 nafari xorijda, xususan, Janubiy Koreya, Germaniya, Turkiya, Hindiston, Yaponiya, Amerika kabi davlatlarda malaka oshirgan shifokorlardir. Shu bilan birga, klinikada xorijlik mutaxassislar ham faoliyat yuritmoqda.
Mazkur markaz tarkibida Toshkent shahrida birinchi xususiy tug‘uruq majmuasi ishga tushirilgan bo‘lib, bir vaqtning o‘zida 30 nafar ayolga xizmat ko‘rsata oladi. Kelgusida o‘rinlar sonini yana-da ko‘paytirish yuzasidan ishlar olib borilmoqda. Bolalarni emlash, profilaktik ko‘riklar ham shu yerda o‘tkaziladi.
Klinikada koll-markazlar, maxsus patronaj jamoalari tashkil qilingan. Bemorlarning uyiga chiqqan holda ko‘rikdan o‘tkazish imkoniyatlari ham mavjud.
Bundan tashqari, respublikadagi eng katta xususiy vaksinatsiya markazi, xususiy sektordagi yagona sterilizatsiya markazi ham tashkil etilgan.
Davlatimiz rahbari ko‘p tarmoqli tibbiyot markazida ko‘rsatilayotgan xizmatlar, bemorlar uchun yaratilgan imkoniyatlar, jumladan, ambulator sharoitda davolash xonalari bilan tanishdi.
Shu bilan birga, onalik va bolalik yo‘nalishida homiladorlik davridan tug‘ruqqacha, tug‘ruq va undan keyingi davr uchun ko‘rsatiladigan kompleks xizmatlar haqida axborot berildi.
– Tug‘uruq xizmati, ayniqsa, tug‘uruqqacha kuzatuv eng muhim masalalardan biri. Ayniqsa, birinchi farzandni dunyoga keltirish ona uchun stress bo‘lmasligi kerak. Shunga qadar ayol muntazam kuzatuvda bo‘lsa, vaqtida davolanib borsa, unda o‘zini avaylash, sog‘lom onalik, sog‘lom bolalik borasida tushuncha paydo bo‘ladi, – dedi Prezidentimiz.
Davlatimiz rahbari ko‘p tarmoqli markazda tashkil etilgan bolalar maydonchasida o‘ynayotgan jajji bolajonlar bilan suhbatlashdi.
– Eng katta yutug‘imiz, sizlar kabi shifokorlar o‘zlari olgan bilimlarni yurtimizda qo‘llayotganidir. Shu o‘rinda aytish lozimki, xususiy tibbiyotni joriy qilish bilan birga raqobatni ham unutmaslik kerak. Raqobat bo‘lsagina, odamlarda tanlov bo‘ladi. Xususiy davolanish markazlari ko‘paysa, aholi davolanish uchun bergan puliga yarasha sifatli xizmatga erishadi, – dedi davlatimiz rahbari klinika jamoasi bilan suhbatda.
Telegram kanalimizga obuna bo‘ling
Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!
Barchasi
