Logo

Chilidagi o‘rmon yong‘inlarida 20 nafardan ortiq kishi halok bo‘ldi, milliy motam eʼlon qilindi

Yanvar 24, 2026. 11:10 • 51 soniya

80
Chilidagi o‘rmon yong‘inlarida 20 nafardan ortiq kishi halok bo‘ldi, milliy motam eʼlon qilindi

TOSHKENT, 24-yanvar. /“Dunyo” AA/. Chilida keng ko‘lamli o‘rmon yong‘inlari davom etmoqda, buning oqibatida 20 nafardan ortiq kishi halok bo‘ldi, 300 nafardan ziyod odam jarohat oldi, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA muxbiri.

Amerikaning “AP News” axborot agentligi maʼlumotlariga ko‘ra, yong‘in o‘nlab aholi punktlarini vayron qilgan, yuzlab odamlar evakuatsiya qilingan.

Taʼkidlanishicha, yong‘inlar boshlanganidan beri 45,7 ming gektarga yaqin o‘rmon yonib ketgan. Ikki mingdan ortiq turar joy binosi butunlay vayron bo‘lgan, yetkazilgan zararni baholash davom etmoqda.

Yong‘inlarni o‘chirish jarayonida o‘t o‘chiruvchilar va huquq-tartibot kuchlari qo‘shimcha tahdidlarga duch kelishdi. O‘t o‘chirish bo‘linmalariga, jumladan, o‘qotar quroldan foydalangan holda hujumlar qayd etilgan.

Fuqarolik dronlarining ruxsatsiz parvozlari ham jiddiy qiyinchiliklarni keltirib chiqarmoqda, buning natijasida qator hududlarda aviatsiya faoliyati vaqtincha to‘xtatildi. Rasmiylarning taʼkidlashicha, yong‘in zonasida uchuvchisiz uchish apparatlaridan foydalanish taqiqlangan.

Chili prezidenti Gabriel Borich milliy motam eʼlon qildi va o‘t o‘chiruvchilarga hujumlarga yo‘l qo‘yilmasligini maʼlum qildi. Yong‘in oqibatlarini bartaraf etish uchun mamlakatga xalqaro yordam yuborilmoqda.

Default Avatar

Material muallifi

Xo‘jabek Nematilloxonov

xojabek@dunyo.info

Telegram kanalimizga obuna bo‘ling

Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!

Kanalga o‘tish