Logo

O‘zbekiston Prezidenti O‘monga davlat tashrifi bilan boradi

Mart 04, 2026. 17:27 • 2 daq

18
O‘zbekiston Prezidenti O‘monga davlat tashrifi bilan boradi

TOSHKENT, 4-mart. /“Dunyo” AA/. Bugun O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev va O‘mon Sultoni Haysam bin Toriq Ol Said o‘rtasida telefon suhbati bo‘lib o‘tdi, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA muxbiri.

Davlatimiz rahbari matbuot xizmati ma’lumotiga ko‘ra, muloqotda Yaqin Sharqdagi hozirgi murakkab vaziyat muhokama qilinib, yuzaga kelgan beqarorlik jiddiy tashvish uyg‘otayotgani qayd etildi.

O‘zbekiston Prezidenti O‘mon hududida sodir bo‘lgan bunday harakatlardan xavotirda ekanini bildirib, O‘zbekiston har qanday qarama-qarshilik hamda ziddiyatni siyosiy-diplomatik va tinch yo‘llar bilan, muzokaralar orqali hal qilishning qat’iy tarafdori ekanligini ta’kidladi.

Davlatimiz rahbari Sultonlikning mintaqada xavfsizlikni ta’minlash borasida amalga oshirib kelayotgan faol vositachilik roli va izchil sa’y-harakatlarini alohida e’tirof etdi.

Shuningdek, O‘monda bo‘lib turgan O‘zbekiston fuqarolarining xavfsizligini ta’minlash va ularni Vataniga qaytarish uchun yaratilayotgan shart-sharoit uchun Sulton A’lo Hazratlariga chuqur minnatdorlik bildirdi.

O‘z navbatida, O‘mon Sultoni O‘zbekiston yetakchisiga hamjihatlik va birdamlik tuyg‘ulari uchun tashakkur izhor etib, Masqatga bo‘lajak oliy darajadagi tarixiy tashrif yuksak saviyada o‘tishiga ishonch bildirdi.

Default Avatar

Material muallifi

Адилбек Каипбергенов

editor1@dunyo.info

Telegram kanalimizga obuna bo‘ling

Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!

Kanalga o‘tish