O‘zbekiston Prezidenti: Ushbu loyiha ishga tushganidan so‘ng uning afzalligini har bir yurtdoshimiz o‘z hayotida, albatta, his qiladi
Iyul 22, 2026. 16:10 • 5 daq
• 54
TOSHKENT, 22 iyul. /“Dunyo” AA/. Prezident Shavkat Mirziyoyev bugun Toshkent viloyati O‘rta Chirchiq tumaniga tashrif buyurib, Toshkent–Samarqand yo‘nalishidagi pullik muqobil avtomobil yo‘li qurilishiga tamal toshi qo‘ydi, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA muxbiri.
Davlatimiz rahbari matbuot xizmati maʼlumotiga ko‘ra, O‘zbekiston yetakchisi ushbu loyiha Yangi O‘zbekistonning iqtisodiy qudrati va transport-logistika salohiyatini oshirishda muhim ahamiyatga ega ekanini taʼkidladi.
– Bugun bu sohada tom maʼnoda yangi davr boshlanmoqda, desak, to‘g‘ri bo‘ladi. Xalqimiz uchun taraqqiyot va farovonlik timsoli bo‘lib xizmat qiladigan ushbu yirik loyihaning boshlanishi barchamizga muborak bo‘lsin, – dedi Prezidentimiz.
Qayd etilganidek, so‘nggi yillarda mamlakatimiz iqtisodiyoti 3 karra o‘sdi. 2030 yilga borib uning hajmini 240 milliard dollarga yetkazish maqsad qilingan. Bu esa yo‘l-transport va logistika infratuzilmasini iqtisodiyotning o‘sish surʼatlariga muvofiq rivojlantirishni talab etadi.
Bugun O‘zbekiston hududidan xalqaro ahamiyatga ega 4 ming kilometr tranzit yo‘l o‘tadi. Ularning 30 foizi to‘liq quvvatda, yana 25 foizi ortiqcha yuklama bilan ishlamoqda.
“Xitoy – Qirg‘iziston – O‘zbekiston” va Transafg‘on temir yo‘llari ishga tushgach, mamlakatimiz Tinch okeanidan Yevropagacha bo‘lgan eng qisqa quruqlik yo‘lagining asosiy bo‘g‘iniga aylanadi. Pokiston portlari orqali Hind okeani va Janubiy Osiyo bozorlariga chiqish uchun ham yangi imkoniyatlar ochiladi.
Hisob-kitoblarga ko‘ra, yiliga qo‘shimcha 15-20 million tonna tranzit yukini qabul qilish 400-600 million dollar daromad, logistika markazlari va terminallar uchun 3 milliard dollar investitsiya hamda 50 mingta barqaror ish o‘rni yaratish imkonini beradi.
Shu maqsadda 2030 yilga qadar Andijon bilan Qo‘ng‘irotni, Termiz bilan Toshkentni bog‘lovchi 4 ming kilometr xalqaro yo‘llarni yuqori talablarga javob beradigan zamonaviy tranzit yo‘laklarga aylantirish rejalashtirilgan. Toshkent – Samarqand yangi avtomobil yo‘li ushbu strategik dasturning muhim qismi bo‘ladi.
So‘nggi 10 yilda 78 trillion so‘m hisobidan 128 ming kilometr yo‘lda qurilish va taʼmirlash ishlari amalga oshirildi. Endi mamlakatimizda ilk bor eng yuqori toifadagi zamonaviy avtomagistral barpo etilmoqda.
Qiymati qariyb 2,2 milliard dollar bo‘lgan olti polosali yo‘lning umumiy uzunligi 282 kilometrni tashkil etadi. U Toshkent, Sirdaryo, Jizzax va Samarqand viloyatlaridagi aholisi 2 milliondan ziyod bo‘lgan 13 ta tuman orqali o‘tib, hududlar uchun yangi imkoniyatlar yaratadi.
Loyiha doirasida 92 ta ko‘prik, 28 ta yo‘l o‘tkazgich, 60 ta tunnel tipidagi o‘tish joyi, shuningdek, qishloq xo‘jaligi ehtiyojlari uchun yer osti yo‘laklari va suv o‘tkazish inshootlari quriladi.
Yo‘l qoplamasi og‘ir va yuqori tezlikda harakatlanadigan transport vositalari qatnoviga chidamli monolit betondan barpo etiladi. Tekis hududlarda harakat tezligi soatiga 150 kilometrgacha bo‘lishi ko‘zda tutilgan.
Zamonaviy xavfsizlik yechimlari, raqamli va innovatsion qulayliklar yo‘l-transport hodisalarini keskin kamaytirishga xizmat qiladi.
– Ushbu loyiha ishga tushganidan so‘ng uning afzalligini har bir yurtdoshimiz o‘z hayotida, albatta, his qiladi. Toshkentdan Samarqandga yetib borish vaqti hozirgi 5 soatdan 2,5 soatga qisqaradi, – dedi davlatimiz rahbari.
Yangi avtomagistral sutkasiga 60 mingdan 80 mingtagacha transport vositasini o‘tkazish imkoniga ega bo‘ladi. Tirbandliksiz va bir maromda harakatlanish energiya sarfi, amortizatsiya va texnik xarajatlarni kamaytiradi.
Hisob-kitoblarga ko‘ra, yuk tashish tannarxi 19-24 foizga pasayadi. Bu, ayniqsa, tez buziladigan meva-sabzavot, go‘sht, sut va boshqa mahsulotlarni bozorlarga qisqa muddatda va sifatli yetkazish imkoniyatini kengaytiradi.
Yangi yo‘l Farg‘ona vodiysi va mamlakatimizning markaziy hududlarini janubiy hamda g‘arbiy viloyatlar bilan bog‘lashda muhim o‘rin tutadi. Shuningdek, xalqaro transport yo‘laklari samaradorligini oshirib, O‘zbekistonning Markaziy Osiyodagi transport-logistika markazi sifatidagi mavqeini mustahkamlaydi.
Jahon banki tahlillariga ko‘ra, bunday infratuzilma loyihalariga kiritilgan har bir dollar iqtisodiyotga 5 barobargacha samara keltiradi. Yangi yo‘l Toshkent shahri, Sirdaryo, Jizzax va Samarqand viloyatlari yalpi hududiy mahsulotining 3 foizga o‘sishiga turtki berishi kutilmoqda.
Yo‘l bo‘yida logistika markazlari, omborlar, sanoat va agrosanoat korxonalari, savdo-servis, mehmonxona va turizm obyektlari barpo etiladi. Bu yangi ish o‘rinlari, xizmatlar bozori va mahalliy byudjetlar uchun qo‘shimcha daromad manbalarini yaratadi.
Qurilish jarayonida mahalliy xizmatlar va qurilish materiallaridan keng foydalaniladi. Bu mahalliy korxonalar uchun yirik buyurtmalar, yangi ishlab chiqarish quvvatlari va qo‘shimcha ish o‘rinlari deganidir.
To‘rtta hudud rahbarlariga “Yagona koridor – yagona standart” tamoyili asosida yer uchastkalarini ajratish, logistika, muhandislik va kommunikatsiya infratuzilmasini birgalikda rejalashtirish vazifasi qo‘yildi.
Avtomagistral Yevropa, Turkiya, Xitoy va boshqa davlatlarning ilg‘or tajribalari asosida loyihalashtirilgan. Birinchi bosqichda yo‘l xitoylik hamkorlar bilan EPC modeli asosida barpo etiladi, keyinchalik uni boshqarish, saqlash va ekspluatatsiya qilishning zamonaviy mexanizmlari joriy etiladi.
Loyiha xalqaro sifat, xavfsizlik va ekologik standartlar asosida amalga oshirilib, 2030 yilda foydalanishga topshiriladi.
Davlatimiz rahbari mazkur loyiha mamlakatdagi yirik yo‘l qurilishi dasturining bir qismi ekanini taʼkidladi. Xiva – Urganch yo‘li qurilishi davom etmoqda, Toshkent – Andijon yo‘nalishi bo‘yicha xalqaro tender yakunlanish arafasida, Toshkentni Bo‘stonliq bilan bog‘lovchi yo‘l uchun xususiy sherikni aniqlash ishlari olib borilmoqda.
– Biz bugun Vatanimiz mustaqilligining 35 yillik to‘yi arafasida mamlakatimiz kelajagi, iqtisodiy barqarorligi va xalqimiz farovonligi uchun yana bir mustahkam poydevor qo‘ymoqdamiz, – dedi Prezidentimiz.
Davlatimiz rahbari xitoylik hamkorlar, mahalliy va xorijiy mutaxassislar, muhandislar, loyihachilar va quruvchilarga muvaffaqiyat tilab, O‘zbekiston tarixida ilk bor “yashil” va innovatsion yo‘l barpo etilayotganini alohida taʼkidladi.
Shundan so‘ng Prezident Shavkat Mirziyoyev Toshkent – Samarqand yangi avtomobil yo‘li poydevoriga kapsula qo‘yib, uning qurilishini boshlab berdi.
Telegram kanalimizga obuna bo‘ling
Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!
So‘nggi yangiliklar
Barchasi