Gayanada parom halokatida 53 kishi vafot etib, o‘nlab yo‘lovchi bedarak yo‘qoldi
Iyul 22, 2026. 15:00 • 2 daq
• 3
TOSHKENT, 22-iyul. /“Dunyo” AA/. Gayanada mamlakat sohillari yaqinida yo‘lovchi paromining halokatga uchrashi oqibatida 53 kishi halok bo‘ldi, o‘nlab yo‘lovchilar bedarak yo‘qoldi, deb xabar bermoqda “Dunyo” axborot agentligi muxbiri “France 24” maʼlumotlariga tayanib.
Kema 18-iyul kuni kechqurun poytaxt Jorjtaundan Port-Kaytuma aholi punkti tomon harakatlanayotgan vaqtida ag‘darilib ketgan. Gayana bosh vaziri Mark Fillipsning maʼlum qilishicha, 76 kishi qutqarilgan, ammo yana qariyb 50 nafar yo‘lovchining taqdiri hozircha nomaʼlumligicha qolmoqda.
Rasmiy maʼlumotlarga ko‘ra, fojia sodir bo‘lgan paytda parom bortida 179 kishi bo‘lgan. Avvalroq yo‘lovchilar soni kamroq deb xabar qilingani sababli, halokatdan keyin maʼlumotlarda chalkashliklar yuzaga kelgan.
“MV Barima” paromi sohildan taxminan 15 kilometr uzoqlikda dengiz tubidan topilgan. Omond qolgan yo‘lovchilardan biri halokatdan oldin kuchli ovoz eshitgani, shundan so‘ng kema ichiga suv kira boshlagani va u tezda ag‘darilib ketganini aytgan.
Halokatdan keyin rasmiylar omon qolgan kapitan va ekipajning yana bir aʼzosi tekshiruvdan o‘tkazilganda, ular organizmida marixuana izlari aniqlanganini maʼlum qildi. Gayana prezidenti Muhammad Irfan Ali fojia sabablarini aniqlash uchun mustaqil tergov o‘tkazilishini bildirdi.
Kemalar harakatini kuzatuvchi xizmatlar maʼlumotlariga ko‘ra, “MV Barima” paromi 1939 yilda qurilgan.
Gayana — Janubiy Amerikaning shimoli-sharqida joylashgan, ingliz tili rasmiy maqomga ega bo‘lgan kichik davlat bo‘lib, aholisi qariyb 800 ming kishini tashkil etadi. Mamlakat 1966 yilda Buyuk Britaniyadan mustaqillikka erishgan va Janubiy Amerikada ingliz tili davlat tili hisoblangan yagona mamlakatdir.
Gayana mintaqa aholisi eng kam davlatlaridan biri bo‘lib qolmoqda: uning hududining katta qismini Amazon tropik o‘rmonlari egallaydi. Shuningdek, mamlakat Venesuela bilan resurslarga boy Essekibo hududi bo‘yicha uzoq yillardan beri davom etayotgan hududiy bahsda ishtirok etmoqda. Ushbu hudud Gayana hududining taxminan uchdan ikki qismini tashkil qiladi.
“Reuters” agentligi surati
Telegram kanalimizga obuna bo‘ling
Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!
So‘nggi yangiliklar
Barchasi