“London Post”: O‘zbekiston jahon chempionatida “kashfiyot jamoa” bo‘lishga harakat qilmoqda
Iyun 16, 2026. 15:30 • 3 daq
• 14
LONDON, 16-iyun. /“Dunyo” AA/. Britaniyaning nufuzli “London Post” nashrida O‘zbekiston terma jamoasining jahon chempionatidagi ishtirokiga bag‘ishlangan “Futbol maydonida Yangi Sharq jamoasi: “Oq bo‘rilar”ning mundial sari tarixiy yurishi” sarlavhali maqola e’lon qilindi, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA muxbiri.
Maqola muallifining yozishicha, 1992-yilda mustaqil O‘zbekiston milliy futbol jamoasi xalqaro maydonda o‘zining ilk qadamini tashlagan. Oradan roppa-rosa 34 yil o‘tib, jamoa tarixiy yutuqqa erishdi – O‘zbekiston 2026-yilgi Jahon chempionati yo‘llanmasini qo‘lga kiritdi.
Ushbu yutuq shunchaki muvaffaqiyat emas. Bu – 1994-yilgi Osiyo o‘yinlarida qo‘lga kiritilgan oltin medallardan buyon yig‘ilib kelgan umidlar, orzular va sinovlar natijasida shakllangan, go‘yoki amalga oshmasdek tuyulgan orzuning ro‘yobidir.
Bu g‘alabani yanada ahamiyatli qiladigan jihat shundaki, u Sharq mehmondo‘stligi va boy islom madaniyatiga ega O‘zbekistonga Qatar, Saudiya Arabistoni, Marokash va Misr kabi birodar davlatlar qatorida jahon toji uchun kurashish huquqini taqdim etdi. Bugun arab dunyosining qator nufuzli nashrlari “Oq bo‘rilar” zafarini umumiy quvonch va futbolning qayta uyg‘onishi sifatida olqishlamoqda.
Nashrda ta’kidlanishicha, O‘zbekiston terma jamoasi saralash o‘yinlarini sabot va matonat maktabiga aylantirib, bu sharafli yo‘lni omadga tayanmagan holda bosib o‘tdi. Saralash bosqichining 16 ta keskin bahsida ular 27 ta gol urib, o‘z darvozasidan atigi 11 ta to‘p o‘tkazib yuborishdi. Bu esa umumiy g‘alabalar foizini hayratlanarli 60 foizdan yuqoriga ko‘tardi.
Jahon chempionatiga tayyorgarlik doirasidagi o‘rtoqlik o‘yinlari ham alohida e’tiborga molik: Qohirada Afrikaning yirik jamoalaridan biri – Misr ustidan 2:0 hisobidagi ishonchli g‘alaba hamda kuchli Venesuela bilan kechgan 0:0 hisobidagi durang O‘zbekiston terma jamoasining turli qit’a uslublariga qarshi muvaffaqiyatli o‘ynay olishini namoyon etdi.
Hozirda jamoani italiyalik mashhur jahon chempioni Fabio Kannavaro boshqarmoqda. Uning qo‘l ostida shakllangan taktik intizom jahon mutaxassislarini lol qoldirmoqda. Xususan, “Total Football Analysis” nashri O‘zbekiston terma jamoasini Yevropacha sovuqqonlik bilan o‘ynaydigan, mudofaasi esa po‘lat qal’adek mustahkam jamoa sifatida ta’riflagan.
Bu jamoa terma jamoa tarixida 44 ta gol bilan eng yaxshi to‘purar hisoblangan Eldor Shomurodov yetakchiligida hamda dunyoning eng kuchli klublaridan biri – Angliyaning “Manchester Siti” jamoasi asosiy tarkibida o‘ynayotgan 22 yoshli himoyachi Abduqodir Husanovning maydondagi ishtiroki bilan haqiqiy “Oltin avlod”ga aylandi. Uning yetakchiligidagi taktik intizom jahon ekspertlarini hayratda qoldirmoqda.
Futbolchilarni oldinda ulkan sinovlar kutib turibdi. O‘zbekiston “K” guruhidagi uchta bahsda futbol olamini larzaga solib, “kashfiyot jamoa” bo‘lishga harakat qilib ko‘radi. 18-iyun kuni Mexiko shahridagi tarixiy “Atsteka” stadionida vakillarimiz Kolumbiyaga qarshi jahon chempionatidagi debyut uchrashuvini o‘tkazadi. Shundan so‘ng, 23-iyun kuni Xyustonda Portugaliyaga, 28-iyun kuni esa Atlantada Kongoga qarshi o‘yinlar bo‘lib o‘tadi.
Telegram kanalimizga obuna bo‘ling
Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!
So‘nggi yangiliklar
Barchasi