Davlatimiz rahbari O‘zbekiston – Janubiy Koreya biznes forumida ishtirok etdi

Sentabr 15, 2026. 13:00 • 3 daq

13
Davlatimiz rahbari O‘zbekiston – Janubiy Koreya biznes forumida ishtirok etdi

TOSHKENT, 15-sentabr. /“Dunyo” AA/. O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev va Koreya Respublikasi Bosh vaziri Xan Son Suk bugun qo‘shma biznes forumning ochilishida ishtirok etdilar, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA muxbiri.

Davlatimiz rahbari matbuot xizmati maʼlumotiga ko‘ra, tadbirda ikki mamlakat davlat tuzilmalari va ishbilarmon doiralarining 300 nafardan ziyod vakili, jumladan, yetakchi moliya institutlari, yirik sanoat korxonalari va savdo kompaniyalari rahbarlari ishtirok etdi.

Xususan, Janubiy Koreya tomonidan “Lotte Chemical”, “Hyundai Motor Group”, “Samsung C&T”, “CJ Group”, “Shinhan Financial Group”, “Hyundai Rotem”, “KIND”, “BOMI”, “Kia Corporation”, “Sampyo Group”, “Hansae Mobility” kabi yirik kompaniyalar qatnashdi.

Davlatimiz rahbari o‘z so‘zida Koreya Respublikasi O‘zbekistonning vaqt sinovidan o‘tgan do‘sti va alohida strategik sherigi ekanini, savdo-iqtisodiy va investitsiyaviy hamkorlik esa O‘zbekiston – Janubiy Koreya ko‘p qirrali hamkorligining ustuvor yo‘nalishlaridan birini tashkil etishini taʼkidladi.

Yetakchi koreys kompaniyalarining O‘zbekistonda samarali faoliyat yuritib, mamlakatimiz iqtisodiyotini rivojlantirishga salmoqli hissa qo‘shayotgani alohida qayd etildi.

Bugun O‘zbekiston industrial va texnologik taraqqiyotning yangi bosqichiga qadam qo‘ymoqda. Shu bois, o‘zaro savdo hajmini oshirish, investitsiyaviy hamkorlikni kengaytirish va yangi qo‘shma loyihalarni amalga oshirish uchun keng imkoniyatlar ochilmoqda.

Mamlakatimiz yetakchisi tomonidan O‘zbekistonning resurs salohiyati, Janubiy Koreyaning ilg‘or texnologiyalari va ikki mamlakat kompaniyalarining investitsiyaviy imkoniyatlarini birlashtirish orqali yangi iqtisodiy o‘sish nuqtalarini yaratish taklif etildi.

Prezidentimiz kelgusida iqtisodiy sheriklikni yanada rivojlantirishning asosiy yo‘nalishlarini belgilab berdi. Xususan, sanoat kooperatsiyasini rivojlantirish va ishlab chiqarishning to‘liq zanjirlarini shakllantirish, energetika va “yashil iqtisodiyot”, transport va zamonaviy infratuzilma, raqamlashtirish hamda sunʼiy intellekt, yarimo‘tkazgichlar va mikroelektronika, biotexnologiya va farmatsevtika, qo‘shma ilmiy tadqiqotlar o‘tkazish, ilg‘or texnologiyalarni joriy etish, kadrlar tayyorlashda hamkorlik qilish va boshqa yo‘nalishlar ko‘rsatib o‘tildi.

Janubiy Koreya kompaniyalari misni qayta ishlash, elektrotexnika uskunalarini ishlab chiqarish, avtomobil va elektromobil sanoati uchun butlovchi qismlarni mahalliylashtirish, robototexnika va avtomatlashtirish, biotexnologiya va farmatsevtika, gidroenergetika, energiyani saqlash tizimlari, energetika tarmoqlarini modernizatsiya qilish hamda transport va shahar infratuzilmasini rivojlantirish bo‘yicha loyihalarni amalga oshirishga taklif etildi.

Sanoat-texnologik hamkorlikni yanada chuqurlashtirishning amaliy mexanizmi sifatida O‘zbekiston – Janubiy Koreya sanoat-texnologik alyansini tuzish taklif etildi.

Prezidentimiz mamlakatimizda koreys biznesining faoliyati uchun kelgusida yanada qulay shart-sharoitlarni yaratish hamda qo‘shma loyihalarni amalga oshirishda amaliy ko‘mak ko‘rsatishga tayyor ekanini bildirdi.

Default Avatar

Material muallifi

Адилбек Каипбергенов

editor1@dunyo.info

Telegram kanalimizga obuna bo‘ling

Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!

Kanalga o‘tish