O‘zbekiston Prezidenti energetika tarmog‘idagi ustuvor vazifalar ijrosini ko‘rib chiqdi
Avgust 06, 2026. 17:15 • 3 daq
• 11
TOSHKENT, 6-avgust. /“Dunyo” AA/. Prezident Shavkat Mirziyoyev bugun energetika tarmog‘i oldiga qo‘yilgan vazifalarni amalga oshirish chora-tadbirlari yuzasidan axborot berildi, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA muxbiri.
Davlatimiz rahbari matbuot xizmati maʼlumotiga ko‘ra, joriy yil 27-iyul kuni davlatimiz rahbari raisligida yoqilg‘i-energetika tarmog‘idagi ustuvor masalalar bo‘yicha videoselektor yig‘ilishi o‘tkazilgan edi. Unda sohadagi boshqaruv, joylarda elektr va gaz taʼminoti barqarorligi, avariyalar hamda energiya yo‘qotishlarini qisqartirish borasidagi ishlar tanqidiy tahlil qilindi.
Xususan, elektr va gaz taʼminoti bilan bog‘liq ishlarni “tumanbay” va “mahallabay” tashkil etish, hududlarning energiya isteʼmoli balansini shakllantirish, tarmoqlar va uskunalarni xatlovdan o‘tkazish, kuz-qish mavsumiga puxta tayyorgarlik ko‘rish, raqamli texnologiyalar va sunʼiy intellektni keng joriy etish bo‘yicha vazifalar belgilangan edi.
Taqdimotda Energetika vazirligi, “Hududiy elektr tarmoqlari” aksiyadorlik jamiyati va O‘zenergoinspeksiya yangi rahbariyatining mazkur topshiriqlar ijrosini tashkil etish borasida olib borayotgan ishlari hamda kelgusi rejalari ko‘rib chiqildi.
Jumladan, hozirda Yangiyo‘l tumanida elektr va gaz taʼminotini yaxshilash bo‘yicha maxsus shtab faoliyat yuritmoqda. U yerda tadbirkorlar va aholi bilan ochiq muloqotlar o‘tkazilib, uzilishlar, quvvat yetishmasligi, gaz bosimining pasayishi, texnik shartlar olish va qarzdorlik bilan bog‘liq murojaatlar bevosita o‘rganilmoqda.
Yangiyo‘l tumani tajribasi asosida boshqa 13 ta tumanda ham ushbu yondashuvdagi namunaviy tizim yaratib, keyinchalik uni boshqa hududlarda ham joriy etish rejalashtirilgan.
Tadbirkorlik subyektlarini elektr va gaz tarmoqlariga ulash uchun texnik shartlarni rasmiylashtirish jarayonlarining qonuniyligi va shaffofligini taʼminlash, korrupsiyaviy holatlarning oldini olish choralari kuchaytirilmoqda.
Kuz-qish mavsumiga tayyorgarlik doirasida muammoli tarmoqlar va uskunalarni yangilash, energiya yo‘qotishlarini kamaytirish, energiya samaradorligi choralarini ko‘rish, avariyaviy uzilishlar sabablarini bartaraf etish ishlari olib borilmoqda. Shuningdek, soha xodimlariga vazifalarni elektron tizim orqali yetkazish, ijrosini nazorat qilish va faoliyat samaradorligini aniq ko‘rsatkichlar asosida baholash mexanizmlari ishlab chiqilmoqda.
Energetika vazirligiga tarmoqda yagona va samarali boshqaruv tizimini shakllantirish, soha korxonalari faoliyatini muvofiqlashtirish, investitsiya loyihalarini o‘z vaqtida amalga oshirish va kuz-qish mavsumiga tayyorgarlik ishlarini tizimli tashkil etish vazifalari yuklatildi.
“Hududiy elektr tarmoqlari”ga joylarda elektr taʼminoti barqarorligini oshirish, infratuzilmani bosqichma-bosqich modernizatsiya qilish, avariyaviy uzilishlarni kamaytirish va xizmat ko‘rsatish sifatini yaxshilash topshirildi.
O‘zenergoinspeksiya zimmasiga energiya resurslaridan oqilona foydalanish ustidan nazoratni kuchaytirish, texnik talablarga rioya etilishini taʼminlash, yo‘qotishlarni qisqartirish va yirik isteʼmolchilarni energiya auditidan o‘tkazishni jadallashtirish vazifalari qo‘yildi.
Tabiiy gaz yetkazib berish imkoniyati cheklangan mahallalarni mavsumga tayyorlash, suyultirilgan gaz taʼminotiga xususiy sektorni keng jalb qilish, sohadagi jarayonlarning monitoringini yuritishda sunʼiy intellekt imkoniyatlaridan foydalanish masalalariga ham alohida eʼtibor qaratildi.
Davlatimiz rahbari barcha choralarni manzilli va aniq hisob-kitoblar asosida amalga oshirish, aholi hamda iqtisodiyot tarmoqlarini elektr va gaz bilan barqaror taʼminlash yuzasidan mutasaddilarga topshiriqlar berdi.
Telegram kanalimizga obuna bo‘ling
Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!
So‘nggi yangiliklar
Barchasi