Qirg‘izistonda prezident va parlament saylovi kuni ish haqi saqlangan holda dam olish kuni deb eʼlon qilindi

Avgust 06, 2026. 16:30 • 2 daq

15
Qirg‘izistonda prezident va parlament saylovi kuni ish haqi saqlangan holda dam olish kuni deb eʼlon qilindi

BISHKEK, 6-avgust. /“Dunyo” AA/. Qirg‘iziston prezidenti Sadir Japarov milliy saylov qonunchiligini takomillashtirishga qaratilgan konstitutsiyaviy qonunni imzoladi, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA muxbiri.

Qirg‘izistonning “Kabar” milliy axborot agentligi maʼlumotlariga ko‘ra, hujjat Jo‘qorg‘i Kenesh tomonidan 2026-yil 24-iyunda qabul qilingan va rasman eʼlon qilingan kundan, yaʼni 29-iyuldan kuchga kirgan.

Yangi meʼyorlarga muvofiq, Qirg‘iziston prezidentining navbatdagi saylovi davlat rahbari vakolat muddati tugaydigan yilning yanvar oyi to‘rtinchi chorshanbasida o‘tkaziladi. Shunday qilib, navbatdagi prezidentlik saylovi 2027-yilning 27-yanvariga belgilangan. Jo‘qorg‘i Kenesh deputatlari saylovi ham parlamentning amaldagi chaqirig‘i konstitutsiyaviy vakolat muddati yakunlanadigan oyning chorshanba kunida bo‘lib o‘tadi.

Shuningdek, qonun bilan prezident va parlament deputatlari saylovlarida ovoz berish kunlari ish beruvchining mulkchilik shaklidan qatʼi nazar, barcha xodimlar uchun ish haqi saqlangan holda dam olish kuni bo‘lishi belgilab qo‘yildi.

Bundan tashqari, hujjat saylov tizimida bir qator muhim o‘zgarishlarni nazarda tutadi. Xususan, “saylov manzili” instituti bekor qilinmoqda, saylov uchastkalari esa, qoida tariqasida, har bir uchastkaga ko‘pi bilan 4 ming saylovchi to‘g‘ri kelishi hisobidan shakllantiriladi.

Saylov kampaniyalarini moliyalashtirish borasida nomzodlar va siyosiy partiyalarga qo‘yiladigan talablar kuchaytirilmoqda. Ular hujjatlarni topshirishdan avval o‘z saylov jamg‘armasini tuzishi shart bo‘lib, majburiy saylov badali aynan shu jamg‘arma mablag‘laridan to‘lanadi. Tasdiqlovchi bank hujjati bo‘lmagan taqdirda, nomzod yoki partiyaning hujjatlari ko‘rib chiqilmaydi.

Shu bilan birga, saylov jarayoni ishtirokchilari uchun yangi imkoniyatlar joriy etilmoqda. Endilikda nomzodlarni qo‘llab-quvvatlovchi imzolar nafaqat qog‘ozdagi imzo varaqalarida, balki elektron imzodan foydalangan holda raqamli formatda ham to‘planishiga ruxsat beriladi. Nomzodlar va partiyalarga har bir saylov uchastkasida tashviqot ishlariga uch nafargacha targ‘ibotchini jalb qilishga ijozat etiladi.

Qabul qilingan o‘zgartirishlar raqamli texnologiyalardan foydalanishni kengaytirib, saylov kampaniyalarini moliyalashtirish shaffofligini oshirib va saylovlarni o‘tkazish tartibiga aniqlik kiritib, Qirg‘iziston saylov tizimini modernizatsiya qiladi.

Default Avatar

Material muallifi

Ҳасан Мўминов

muminov@dunyo.uz

Telegram kanalimizga obuna bo‘ling

Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!

Kanalga o‘tish