O‘zbekiston Prezidenti issiqxona xo‘jaligiga “yashil” texnologiyalarni joriy qilish masalalarini ko‘rib chiqdi
Oktabr 13, 2026. 18:54 • 4 daq
• 109
TOSHKENT, 13-oktabr. /“Dunyo” AA/. Prezident Shavkat Mirziyoyev bugun issiqxonalar faoliyatiga “yashil” texnologiyalarni joriy qilish va ularning ekologik xavfsiz faoliyat yuritishini ta’minlash yuzasidan taqdimot bilan tanishdi, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA muxbiri.
Davlatimiz rahbari matbuot xizmati ma’lumotiga ko‘ra, avvalo, Toshkent shahri va unga tutash hududlardagi issiqxonalar holati tahlil qilindi. O‘tgan yili maxsus komissiya tomonidan issiqxonalar xatlovdan o‘tkazilib, muayyan qismiga ekologik toza energiya manbalariga o‘tishiga ko‘maklashildi. Shu bilan birga, ayrim xo‘jaliklarda hali ham ko‘mirdan foydalanilmoqda.
Kuz-qish oylarida shamol sustlashishi va harorat inversiyasi tufayli issiqxonalardan chiqadigan tashlamalar poytaxt va uning atrofida to‘planishi mumkin.
Shu bois, Toshkent shahri va unga tutash beshta tumanda issiqxonalar uchun “yashil” texnologiyalarga asoslangan maxsus ekologik tartib joriy etish taklif qilindi. Isitishda tabiiy gaz, elektr, geotermal va quyosh energiyasi, shuningdek, issiqlik elektr stansiyalarining ikkilamchi issiqligidan foydalanishga ruxsat beriladi. Shina, plastmassa, bitum, mazut, ishlatilgan moy va chiqindilarni yoqishga yo‘l qo‘yilmaydi.
Qattiq yoqilg‘ida ishlayotgan issiqxonalarga joriy yil 1-dekabrga qadar ushbu manbalarga o‘tish taklif qilinadi. Yoqilg‘ini yopiq joyda saqlash, avtomatlashtirilgan qozonlar va samarali chang-gaz tozalash uskunalari o‘rnatilgan bo‘lishi, kul va shlakni xavfsiz yig‘ish uchun sharoit, zaxira generatori mavjudligi, tutun mo‘risi minimal balandlik me’yoriga muvofiqligi kabi qat’iy texnik talablarga mos bo‘lgan issiqxonalargagina qattiq yoqilg‘idan foydalanishga ruxsat berilishi mumkin.
Joriy yil 15-oktabrdan kelgusi yil 15-martga qadar issiqxonalarda doimiy ekologik monitoring olib boriladi. Unda chang-gaz tozalash uskunalarining ishlashi, havoga chiqarilayotgan tashlamalar miqdori va yoqilg‘i turlariga qo‘yilgan talablarga rioya etilishi nazorat qilinadi. O‘lchov uskunalari va videokuzatuv vositalaridan olinadigan ma’lumotlar Ekologiya qo‘mitasining axborot tizimiga real vaqt rejimida uzatiladi. Monitoringda dronlardan foydalaniladi, jamoatchilik nazorati vakillari ham ishtirok etadi.
Chang-gaz tozalash uskunalari o‘rnatilmagani, tashlamalar me’yordan oshgani yoki taqiqlangan yoqilg‘i ishlatilgani aniqlansa, belgilangan tartibda ta’sir choralari qo‘llaniladi. Zarur hollarda issiqxona faoliyati to‘xtatiladi.
Issiqxona xo‘jaliklarining yangi talablarga moslashishi uchun moliyaviy ko‘mak choralari ishlab chiqilgan. Ekologik va energiya tejamkor uskunalarni o‘rnatishga har gektar uchun 50 million so‘mgacha subsidiya, yetti yil muddatga 3 milliard so‘mgacha imtiyozli kredit ajratish taklif etildi. Monitoring uskunalarini xarid qilish va o‘rnatish xarajatlarini yengillashtirish ham nazarda tutilgan.
Shaxsiy tomorqalardagi issiqxonalarni yangilashga ko‘maklashish bo‘yicha alohida takliflar tayyorlangan.
Xususan, 2030-yilgacha yer va mol-mulk soliqlarini 50 foizga kamaytirish, aylanmadan olinadigan soliqdan ozod qilish hamda energiya tejamkor tizimlar iste’mol qilgan elektr energiyasi xarajatining yarmini qoplash taklif etilmoqda. Toshkent shahri va unga tutash hududlardagi xonadonlarga “yashil” energiya manbalari va samarali uskunalarni joriy etish uchun 100 million so‘mgacha grant ajratish masalasi ham ko‘rib chiqildi. Yangi “yashil” issiqxona qurishga 300 million so‘mgacha, mavjudini qayta jihozlashga 150 million so‘mgacha imtiyozli kredit berish nazarda tutilmoqda. Issiqxonachilikka ixtisoslashgan 50 ta mahallada ehtiyojmand oilalar uchun ekologik xavfsiz issiqxonalar tashkil etish rejalashtirilgan.
Issiqxonalarda hosil bo‘ladigan ifloslangan drenaj va filtr suvlarini yig‘ish, tozalash hamda qayta ishlatish masalasi ham ko‘tarildi. Buning uchun maxsus operator faoliyatini yo‘lga qo‘yish va Ohangaron tumanida zarur infratuzilmani tashkil etish taklif qilindi.
Taqdimotda iqlimi qulay hududlarda zamonaviy issiqxonachilikni rivojlantirish imkoniyatlari ham ko‘rib chiqildi. Sherobod tumanidagi “Surxon-Agro” erkin iqtisodiy zonasiga 940 gektar yer ajratilgan va uning master rejasi ishlab chiqilgan. Zonada issiqxonalar va agrologistika obyektlarini barpo etish, shu jumladan, banklar balansidagi issiqxonalarni bu yerga ko‘chirish taklif etildi.
Erkin iqtisodiy zonada investorlar uchun yer ijarasiga besh yil davomida nol stavka qo‘llanilmoqda, kanalizatsiya va yer osti suvlari bilan bog‘liq to‘lovlar bo‘yicha uch yillik imtiyoz berilgan. Qo‘shimcha ravishda yer uchastkalarini normativ qiymatining 10 foizi miqdoridagi boshlang‘ich narx bilan auksionga chiqarish, qiymati 10 million dollardan yuqori bo‘lgan loyihalar hamda Toshkent shahri va viloyatidan issiqxonalarini ko‘chiradigan tadbirkorlar uchun esa ushbu ko‘rsatkichni 1 foiz etib belgilash taklif qilindi.
Shuningdek, zona ishtirokchilarini besh yilga yer, mol-mulk va foyda soliqlaridan, olib kelinadigan issiqxona uskunalarini bojxona bojidan ozod qilish taklifi ko‘rib chiqildi. 400 gektar maydonda issiqxonalar va agrologistika obyektlarini barpo etib, investorlarga tayyor loyiha sifatida sotish rejalashtirilmoqda. Infratuzilmaga 220 milliard so‘m, loyihalarni moliyalashtirishga 200 milliard so‘m yo‘naltirish hamda 2027-yilda 100 million dollar investitsiya jalb etish vazifasi qo‘yildi.
Mutasaddilarga issiqxonalarning joylashuvi, energiya resurslari manbalari va ularni yetkazib berish hajmini aks ettiruvchi raqamli xaritani tayyorlash topshirildi. Shuningdek, issiqxona mahsulotlarini ichki va tashqi bozorlarda sotish imkoniyatlarini kengaytirish bo‘yicha choralar ishlab chiqiladi.
Telegram kanalimizga obuna bo‘ling
Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!
So‘nggi yangiliklar
Barchasi