O‘zbekiston Prezidenti ishtirokida Yangi Toshkentda yangi inshootlar ishga tushirilib, yirik loyihalarning qurilishi boshlandi
Oktabr 12, 2026. 12:35 • 3 daq
• 165
TOSHKЕNT, 12-oktabr. /“Dunyo” AA/. Prezident Shavkat Mirziyoyev bugun Yangi Toshkentda bunyod etilgan inshootlarni ishga tushirish va yangi loyihalarning qurilishiga start berish marosimida ishtirok etdi, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA muxbiri.
Davlatimiz rahbari matbuot xizmati ma’lumotiga ko‘ra, uch yil avval qurilishi boshlangan Yangi Toshkent mamlakatimiz tarixidagi eng yirik shaharsozlik loyihasidir. Xavfsiz va “yashil” shahar sifatida barpo etilayotgan hududda birinchi bosqichning o‘zida zamonaviy texnologik yechimlarga asoslangan 50 milliard dollarlik loyihalarni amalga oshirish ko‘zda tutilgan.
Shaharda 2 ming gektar yashil maydon va 500 gektar istirohat bog‘lari tashkil etiladi. “Yashil qurilish standartlari” asosida 150 million kvadrat metr turar va noturar joy maydonlari barpo qilinadi.
O‘tgan davrda Yangi Toshkentda 2 milliard dollarlik ishlar bajarildi. Turar joylar, universitetlar, kutubxona va amfiteatr qurildi. Bugungi marosimda umumiy qiymati 1 milliard dollar bo‘lgan yettita obyekt ishga tushirildi.
Bular “Sharq bahori” turar joy majmuasining birinchi bosqichi, yo‘l va infratuzilma obyektlari, “Yangi Toshkent” 1-son nimstansiyasi, trigeneratsiya stansiyasi, Savdo-sanoat palatasi binosi, “Sohil bog‘i” istirohat bog‘i hamda 2 ming o‘rinli umumta’lim maktabidir.
Turkiyaning “MIMSAN” kompaniyasi ishtirokida 73 million dollar investitsiya hisobiga barpo etilgan trigeneratsiya stansiyasi 100 ming xonadonni markazlashgan tarzda isitish va sovitish, ayni paytda elektr energiyasi ishlab chiqarish imkonini beradi. Xitoyning “Haocheng Industry Group Limited” kompaniyasi bilan qurilgan nimstansiya va yuqori kuchlanishli elektr tarmoqlari loyihasining qiymati 95 million dollarni tashkil etadi.
Shuningdek, 18 kilometr avtomobil yo‘li barpo etilib, 13 kilometr kanalizatsiya va 4,5 kilometr ichimlik suv tarmoqlari tortildi. Qirg‘oq bo‘ylab 10 kilometrlik “Sohil bog‘i”da piyodalar va velosiped yo‘laklari tashkil qilindi. “Sharq bahori” turar joy majmuasining ilk bosqichida qariyb 7 mingta xonadon qurildi.
Marosimda Xitoy, Turkiya, Birlashgan Arab Amirliklari va boshqa xorijlik hamkorlar ishtirokida umumiy qiymati 2,5 milliard dollar bo‘lgan yana o‘nta yirik loyiha qurilishiga start berildi.
Ulardan biri yuqori texnologik mahsulotlar va yarim o‘tkazgichlar ishlab chiqarishga ixtisoslashgan “Deep Tech park” sanoat hududidir. Uni barpo etishga 320 million dollar yo‘naltiriladi. Kelgusida bu yerda umumiy qiymati 1,7 milliard dollarlik loyihalar joylashtiriladi.
Finlyandiyaning “MariMatic” kompaniyasi ishtirokida chiqindilarni to‘plash va ulardan “yashil” elektr energiyasini olish loyihasi amalga oshiriladi. Shuningdek, ko‘p kvartirali uylar tomiga umumiy quvvati 20 megavatt bo‘lgan fotoelektr tizimlarini o‘rnatish rejalashtirilgan.
Yangi Toshkentni poytaxt bilan bog‘lash uchun Temur Malik ko‘chasi va 4R12 avtomobil yo‘li o‘rtasida ko‘prik, yo‘l o‘tkazgich va 10 kilometr yo‘l quriladi. Metro bekatlari bilan tutashgan yer osti avtoturargohini barpo etish ham yangi loyihalardan biri.
Umumiy maydoni 818 ming kvadrat metrdan ortiq bo‘lgan “Metropolis” biznes-sitida ofislar, mehmonxona, turar joylar va xizmat ko‘rsatish obyektlari joylashadi. Maydonning 500 ming kvadrat metr qismi biznes uchun mo‘ljallangan. Bu yerda 1,5 ming nafar odamning bandligini ta’minlash ko‘zda tutilgan.
Bundan tashqari, “Silk City”, “Mavj” va “Marjon” turar joy majmualari hamda 120 o‘rinli Yangi Toshkent markaziy shifoxonasi quriladi.
Davlatimiz rahbari ushbu loyihalar Yangi Toshkentning biznes, turizm va madaniyat markazi sifatida shakllanishiga xizmat qilishini ta’kidlab, shahar bunyodkorligida ishtirok etayotgan quruvchilar, muhandislar, loyihachilar va xorijlik hamkorlarga minnatdorlik bildirdi.
Telegram kanalimizga obuna bo‘ling
Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!
So‘nggi yangiliklar
Barchasi