Logo

O‘zbekiston va Tojikiston Prezidentlari Buxorodagi zamonaviy to‘qimachilik korxonasiga tashrif buyurdilar

Mart 27, 2026. 18:48 • 2 daq

21
O‘zbekiston va Tojikiston Prezidentlari Buxorodagi zamonaviy to‘qimachilik korxonasiga tashrif buyurdilar

TOSHKENT, 27-mart. /“Dunyo” AA/. Tojikiston Prezidenti Emomali Rahmon O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev hamrohligida bugun mamlakatimiz yengil sanoatining imkoniyatlari bilan tanishdi, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA muxbiri.

Davlatimiz rahbari matbuot xizmati maʼlumotiga ko‘ra, ikki mamlakat yetakchilari Buxoro viloyatidagi “Merganteks” paxta-to‘qimachilik klasteri tarkibidagi “Nigora” fabrikasiga tashrif buyurdilar.

Qiymati 35 million dollarlik loyiha doirasida tashkil etilgan fabrika paxta xomashyosini qayta ishlashdan tortib, tayyor mato va kiyim-kechak tayyorlashgacha bo‘lgan uzluksiz ishlab chiqarish zanjirini yo‘lga qo‘ygan.

“Shoyigul” savdo belgisi ostida ishlab chiqarilayotgan tikuv-trikotaj va tayyor kiyim mahsulotlari asosan Yevropa mamlakatlariga, xususan, Italiya, Avstriya, Buyuk Britaniya va Germaniyaga eksport qilinmoqda. Bu yerda 840 ta ish o‘rni yaratilgan.

Korxonada xalqaro standartlarga javob beruvchi zamonaviy yuqori texnologik uskunalar Xitoy, Germaniya va Belgiyadan olib kelingan. Ikkinchi bosqichda sintetik tolalar va undan tayyor mahsulotlar ishlab chiqarish yo‘lga qo‘yilishi rejalashtirilgan.

Oliy martabali mehmonlar korxonaning shou-rumini va tayyor mahsulotlar namoyishini ko‘zdan kechirdilar.

Yiliga 10 million dollarlik eksport qilayotgan fabrika mahsulotlarining sifati Tojikiston delegatsiyasi tomonidan yuqori baholandi.

Prezidentlar mamlakatlarimizning ilg‘or korxonalari o‘rtasidagi kooperatsiyani kengaytirish muhimligini taʼkidladilar.

Default Avatar

Material muallifi

Dunyo1

dunyo1@dunyo.uz

Telegram kanalimizga obuna bo‘ling

Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!

Kanalga o‘tish