Logo

O‘zbekiston va Turkiya Prezidentlari ko‘p qirrali sheriklikni yanada kengaytirishga qatʼiy intilishlarini tasdiqladilar

Yanvar 29, 2026. 19:45 • 55 soniya

18
O‘zbekiston va Turkiya Prezidentlari ko‘p qirrali sheriklikni yanada kengaytirishga qatʼiy intilishlarini tasdiqladilar

TOSHKENT, 29 yanvar. /“Dunyo” AA/. Anqara shahridagi Prezident saroyida O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev va Turkiya Prezidenti Rejep Tayyip Erdog‘anning tor doiradagi uchrashuvi bo‘lib o‘tdi, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA muxbiri.

O‘zbekiston yetakchisi matbuot xizmati maʼlumotiga ko‘ra, suhbat avvalida davlat rahbarlari butun musulmon ummati uchun muqaddas Ramazon oyi kirib kelayotgani bilan bir-birlarini samimiy tabrikladilar.

O‘zbekiston – Turkiya keng qamrovli strategik sheriklik munosabatlarini, xususan, siyosiy, savdo-iqtisodiy, madaniy va gumanitar sohalarda yanada kengaytirish masalalari atroflicha muhokama qilindi.

Barcha darajalardagi yuqori surʼat va faol muloqotlar mamnuniyat bilan qayd etildi. Tomonlar yaqinda bo‘lib o‘tgan strategik rejalashtirish guruhining “4+4” formatidagi uchrashuvining samarali natijalarini olqishladilar.

O‘zaro tovar ayirboshlash hajmi, qo‘shma korxonalar, mamlakatlar o‘rtasidagi aviaqatnovlarning soni izchil o‘sib bormoqda. Muntazam ravishda qo‘shma madaniy tadbirlar o‘tkazib kelinmoqda.

Sanoat, qishloq xo‘jaligi, ijtimoiy himoya va boshqa ustuvor yo‘nalishlarda loyiha va dasturlarni ilgari surish zarurligi taʼkidlandi.

Mudofaa va xavfsizlik sohasida, kiberjinoyatchilikka qarshi kurashish borasida hamkorlik va o‘zaro muvofiqlashtiruvni mustahkamlashga alohida eʼtibor qaratildi.

Yetakchilar xalqaro va mintaqaviy kun tartibidagi dolzarb masalalar yuzasidan ham fikr almashdilar.

Default Avatar

Material muallifi

Dunyo1

dunyo1@dunyo.uz

Telegram kanalimizga obuna bo‘ling

Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!

Kanalga o‘tish