O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning “2027-yil – Xalqaro barqaror va yashovchan turizm yili”ning rasmiy ochilish marosimi ishtirokchilariga tabrigi

Noyabr 27, 2026. 15:46 • 5 daq

• 19•Reklama
O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning “2027-yil – Xalqaro barqaror va yashovchan turizm yili”ning rasmiy ochilish marosimi ishtirokchilariga tabrigi
O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning “2027-yil – Xalqaro barqaror va yashovchan turizm yili”ning rasmiy ochilish marosimi ishtirokchilariga tabrigi

Hurmatli anjuman ishtirokchilari!

Qadrli mehmonlar!

Avvalo, barchangizni “2027-yil – Xalqaro barqaror va yashovchan turizm yili”ning ochilishi bilan samimiy muborakbod etaman.

O‘zbekistonning tashabbusi bilan Birlashgan Millatlar Tashkiloti Bosh Assambleyasi tomonidan 2024-yilda qabul qilingan rezolyutsiya asosida 2027-yilning Xalqaro barqaror va yashovchan turizm yili deb e’lon qilingani barchamiz uchun tarixiy voqeadir. Ushbu tashabbusimizni dunyoning 80 dan ortiq davlati qo‘llab-quvvatlagani turizmni rivojlantirishga doir yondashuvlarimiz mushtarakligini, bu boradagi intilishlarimiz jahon hamjamiyati tomonidan keng e’tirof etilayotganini ko‘rsatadi.

Bugungi murakkab geosiyosiy vaziyat, jahon iqtisodiyotidagi o‘zgarishlar va xavfsizlik bilan bog‘liq tahdidlar sharoitida turizmning xalqlar va mamlakatlarni o‘zaro yaqinlashtirish yo‘lidagi ahamiyati tobora ortib bormoqda. 2025-yilda turizmning global yalpi ichki mahsulotdagi ulushi 11 trillion 600 milliard dollarni yoki 9,8 foizni tashkil etgani, sohadagi o‘sish jahon iqtisodiyotidagi umumiy o‘sishdan yuqori bo‘lgani ham uning ulkan salohiyatga ega ekanidan dalolat beradi.

Ayni vaqtda bu ko‘rsatkichlar zamirida millionlab insonlar, kichik va o‘rta biznes vakillarining mehnati mujassam ekani, oilalar farovonligi va yosh avlodning orzu-intilishlari ko‘p jihatdan mazkur tarmoq rivoji bilan bog‘liqligini ham ta’kidlash lozim.

So‘nggi yillarda O‘zbekistonda turizm iqtisodiyotning strategik ahamiyatga ega bo‘lgan tarmog‘iga aylandi. Mamlakatimizning xalqaro sayyohlik maydonidagi jozibadorligi ortib, jahonning turli mintaqalarida yurtimizga qiziqish tobora kuchaymoqda. 2026-yilning dastlabki o‘n oyida O‘zbekistonga 11 million 600 ming nafar sayyoh tashrif buyurdi. Bu 2025-yilning butun davriga teng ko‘rsatkichdir. Turistik xizmatlar eksporti 1,5 barobar o‘sib, 6 milliard dollarga yetdi. Biz bunda tashrif buyuruvchilar sonini ko‘paytirish bilan birga ularning mamlakatimizda uzoqroq muddatga qolishi, ko‘proq xizmatlardan foydalanishi hamda mahalliy iqtisodiyotga qo‘shayotgan hissasini oshirishni ham ustuvor vazifa deb bilamiz.

Bugungi kunda yurtimizda 7600 ta mehmonxona va boshqa shu turdagi obyektlar faoliyat yuritmoqda. Hilton, Marriott, InterContinental, Radisson singari dunyoga mashhur mehmonxona tarmoqlari qatorida 50 dan ziyod xalqaro brend mamlakatimiz turizm bozorida o‘z o‘rniga ega.

Sohada transport xizmatlari ko‘lamini kengaytirish borasida ham katta ishlar amalga oshirilmoqda. Jumladan, 54 ta davlat bilan havo qatnovlari to‘g‘risida kelishuvlarga erishildi, 33 ta davlatning 102 ta shahriga to‘g‘ridan to‘g‘ri aviaqatnovlar yo‘lga qo‘yilib, 200 dan ortiq yo‘nalishda parvozlar amalga oshirilmoqda.

Sohada tadbirkorlikni qo‘llab-quvvatlash maqsadida so‘nggi besh yilda 50 dan ziyod imtiyoz joriy etildi. Bu chora-tadbirlar turizm va unga bog‘liq xizmatlar orqali qariyb 1 million nafar aholini ish bilan ta’minlashga, tarmoqni iqtisodiyotimizning muhim o‘sish nuqtasiga aylantirishga xizmat qilmoqda.

Biz 2030-yilgacha xorijlik turistlar sonini 20 million nafarga, turistik xizmatlar eksportini 10 milliard dollarga, sohada band aholini 2 million nafarga, turizmning yalpi ichki mahsulotdagi ulushini esa 7 foizga yetkazishni maqsad qilganmiz.

Ushbu marralarga erishish uchun sayyohlik xizmatlarini diversifikatsiya qilish, har bir mehmonning yurtimizdagi vaqtini mazmunli tashkil etishga alohida e’tibor qaratyapmiz.

Ishbilarmonlik, sarguzasht va ekstremal, agro va etno, tibbiyot hamda gastronomiya turizmi yo‘nalishlaridagi katta imkoniyatlarni ishga solish, ushbu sohalardagi tadbirkorlarga soliq va bojxona imtiyozlarini berish ishlari davom ettirilmoqda.

Shu bilan birga, tarixiy shaharlarimizdagi madaniy meros obyektlariga tushadigan yukni kamaytirish, turistik oqimlarni yangi hududlarga yo‘naltirish maqsadida zamonaviy turistik majmualar, ixtisoslashgan turizm qishloqlari va mahallalari tashkil etilmoqda. Hozirgi kunda bunday maskanlar soni 57 ta bo‘lib, 2030-yilga qadar ularni 140 taga yetkazish rejalashtirilgan.


Hurmatli anjuman qatnashchilari!

Biz 2027-yilda O‘zbekistonda turizmni barqaror rivojlantirish va uning yashovchanligini mustahkamlashga qaratilgan aniq chora-tadbirlarni amalga oshiramiz.

Ichki turizmni rivojlantirish orqali sohaning inqirozlarga bardoshli bo‘lishini kuchaytirish zarur deb hisoblaymiz.

Yana bir muhim masala – mintaqaviy hamkorlikni kengaytirishdir. Markaziy Osiyo tajribasi qo‘shni mamlakatlar bilan birgalikda yagona turistik makon sifatida harakat qilish orqali katta natijalarga erishish mumkinligini tasdiqlamoqda. Shu bois, barcha mamlakatlarni turistlarni jalb qilishda, avvalo, qo‘shni davlatlar bilan hamkorlikni kuchaytirishga alohida e’tibor qaratishga chaqiraman.

Globallashuv – turizmning asosiy kuchi. Shu bilan birga, bu omil asriy an’analar va milliy qadriyatlarga kuchli ta’sir ko‘rsatayotgani ham hech kimga sir emas. Mamlakatlarning milliyligi va etnomadaniyatini zamonaviy texnologiyalar bilan uyg‘un holda saqlashda turizm sohasini eng samarali vosita deb hisoblaymiz.

Globallashuv davrida etnomadaniyatni asrab, uning betakrorligini turizm orqali jahonga namoyon etishni taklif qilaman. Zero, taraqqiyot zamonaviylik bilan, kelajak esa milliy qadriyatlarimiz bilan barpo etiladi.

Bu ezgu maqsadlarga erishishda uyg‘oq vijdonimiz, bunyodkorlik salohiyatimiz, so‘z va ish birligi biz uchun muhim ma’naviy tayanch bo‘lishi lozim.

Turizmning uzoq muddatli rivojini ta’minlashga barchamiz mas’ul ekanimizdan kelib chiqib, 2027-yildagi tadbirlar bilan cheklanib qolmasdan, keyingi besh yilga mo‘ljallangan global harakatlar rejasini ishlab chiqishni taklif etaman.

Bunday dastur “BMT Turizm” tashkiloti yetakchiligida davlatlar, xalqaro tashkilotlar va xususiy sektorning imkoniyatlarini birlashtirib, aniq natijalarga erishishga xizmat qilishi zarur.

Bugungi xalqaro anjuman turizm sohasida o‘zaro ishonch va hamjihatlikni yanada mustahkamlash, yangi sheriklar topish va amaliy kelishuvlarga erishish, barqaror hamda yashovchan turizmning umumiy kelajagini birgalikda barpo etish yo‘lida muhim qadam bo‘ladi deb ishonaman.

Fursatdan foydalanib, barchangizga sihat-salomatlik, faoliyatingizda yangi muvaffaqiyatlar, yurtimizga tashrifingiz yorqin taassurotlarga boy, anjuman ishi esa yuksak samarali bo‘lishini tilayman. 

Shavkat Mirziyoyev,

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti

Default Avatar

Material muallifi

Адилбек Каипбергенов

editor1@dunyo.info

Telegram kanalimizga obuna bo‘ling

Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!

Kanalga o‘tish