“Travelbook”: Nima uchun albatta Toshkentga tashrif buyurish kerak?

Noyabr 04, 2026. 12:30 • 2 daq

• 18
“Travelbook”: Nima uchun albatta Toshkentga tashrif buyurish kerak?

BЕRLIN, 4-noyabr. /“Dunyo” AA/. Germaniyaning sayohat va turizmga ixtisoslashgan nufuzli “Travelbook” onlayn-jurnalida “Nima uchun albatta Toshkentga tashrif buyurish kerak?” sarlavhali maqola e’lon qilindi, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA muxbiri.

Maqola muallifi, Lena Braun poytaxtimizni qadimiy sharqona an’analar, zamonaviy arxitektura, milliy oshxona va o‘ziga xos turmush tarzi uyg‘unlashgan noyob shahar sifatida tasvirlaydi.

Nashrda poytaxtning modernistik arxitekturasiga alohida e’tibor qaratilgan. Joriy yilning iyul oyida Toshkentning o‘nta me’moriy obidasi YUNЕSKOning Butunjahon merosi ro‘yxatiga kiritilgani shaharning arxitektura merosini xalqaro miqyosda e’tirof etilishida muhim voqea bo‘lgani qayd etilgan. Modernizm va milliy an’analar uyg‘unligining yaqqol misoli sifatida O‘zbekiston tarixi davlat muzeyi binosi keltirilgan.

Shuningdek, muallif o‘quvchilarni poytaxtning diniy-tarixiy diqqatga sazovor joylari, jumladan, Hazrati Imom majmuasi, Ko‘kaldosh madrasasi hamda shu yil mart oyida ochilgan O‘zbekiston Islom sivilizatsiyasi markazi bilan tanishtiradi.

Alohida bo‘limlar yer osti badiiy galereyasiga tenglashtirilgan Toshkent metropoliteni, mashhur “Chorsu” bozori, milliy oshxona va gastronomik an’analarga bag‘ishlangan. Shuningdek, Mirobod bozori va “Besh Qozon” markazi tavsiya etiladigan turistik obyektlar qatoriga kiritilgan.

Maqolada poytaxtning zamonaviy imkoniyatlari – “Tashkent City” bozori, musiqiy favvoralar, panoramli manzaraga ega restoranlar va madaniy hordiq chiqarish uchun turli maskanlar ham yuqori baholangan.

Bundan tashqari, Toshkent O‘zbekiston va Markaziy Osiyo bo‘ylab sayohat qilish uchun qulay boshlang‘ich nuqta sifatida ko‘rsatilgan. “Afrosiyob” tezyurar poyezdlari yordamida sayyohlar Samarqand, Buxoro va mamlakatning boshqa tarixiy shaharlariga tezda yetib borishlari mumkinligi ta’kidlangan.

Maqola yakunida muallif Toshkentning asosiy jozibasi tarixiy davrlar, madaniyatlar va arxitektura uslublarining o‘zaro uyg‘unligida ekanini urg‘ulaydi.

“Travelbook” jurnali 2026-yil 19-oktabr kuni Toshkentni 2027-yil uchun istiqbolli turistik yo‘nalishlar qatoriga ham kiritgan edi.

Default Avatar

Material muallifi

Zilola Ahmedova

zilola@dunyo.info

Telegram kanalimizga obuna bo‘ling

Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!

Kanalga o‘tish