O‘zbekiston–Xitoy iqtisodiy hamkorligini kengaytirishning yangi imkoniyatlari belgilab olindi

Avgust 10, 2026. 11:00 • 2 daq

O‘zbekiston–Xitoy iqtisodiy hamkorligini kengaytirishning yangi imkoniyatlari belgilab olindi

NANKIN, 10-avgust. /“Dunyo” AA/. Mamlakatimizning Pekindagi elchixonasi va Shanxaydagi Bosh konsulxonasi tomonidan O‘zbekiston va Xitoy o‘rtasidagi savdo-iqtisodiy va investitsiyaviy hamkorlikka bag‘ishlangan biznes-forum o‘tkazildi, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA muxbiri.

Xitoyning Szyansu provinsiyasida tashkil etilgan tadbirda hududning turli vazirlik va idoralari, savdo-sanoat palatalari, ishbilarmon doiralar hamda yetakchi kompaniyalar vakillari ishtirok etdi.

Forumda so‘nggi yillarda O‘zbekiston va Xitoy o‘rtasidagi strategik munosabatlar jadal va barqaror rivojlanayotgani taʼkidlandi. Ikki mamlakat hududlari va ishbilarmon doiralari vakillaridan iborat delegatsiyalarning o‘zaro tashriflari faollashgani alohida qayd etildi.

Ishtirokchilarga O‘zbekistonda xorijiy investorlar uchun yaratilgan qulay investitsiya muhiti, hududlarning savdo-iqtisodiy salohiyati, iqtisodiyotning yetakchi tarmoqlari, erkin iqtisodiy va sanoat zonalarida yaratilgan imkoniyatlar hamda mamlakatning turistik salohiyatiga bag‘ishlangan taqdimot namoyish etildi.

Shuningdek, ikki tomonlama hamkorlikning ustuvor yo‘nalishlari, jumladan, amalga oshirilayotgan yirik qo‘shma loyihalar va iqtisodiy aloqalarni yanada kengaytirishga qaratilgan istiqbolli rejalar haqida maʼlumot berildi.

Xitoylik tadbirkorlar O‘zbekiston iqtisodiyotiga qo‘shimcha investitsiyalar jalb etish, yangi turdagi va yuqori sifatli mahsulotlar eksportini kengaytirish masalalarida har tomonlama ko‘maklashishga tayyor ekanini bildirdi.

Szyansu provinsiyasi Savdo departamenti vakili Chen Syaodun Xitoy va Markaziy Osiyo mamlakatlari o‘rtasidagi investitsiya va savdo-iqtisodiy hamkorlik yildan-yilga rivojlanib borayotganini taʼkidladi.

Xususan, 2025-yilda Szyansu provinsiyasi va O‘zbekiston o‘rtasidagi import va eksport hajmi sezilarli darajada oshgani, provinsiyaning yetakchi kompaniyalari yurtimizda bir qator loyihalarni amalga oshirishga sarmoya kiritgani qayd etildi.

Forum yakunida G2B va B2B formatidagi muzokaralar bo‘lib o‘tdi va ularning natijalari bo‘yicha bir qator o‘zaro manfaatli yo‘nalishlarda hamkorlik kelishuviga erishildi.

Default Avatar

Material muallifi

Ҳасан Мўминов

muminov@dunyo.uz

Telegram kanalimizga obuna bo‘ling

Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!

Kanalga o‘tish