“Em Insight”: “Xitoy–Qirg‘iziston–O‘zbekiston” temir yo‘li qitʼaning iqtisodiy xaritasini qayta shakllantiradi

Avgust 10, 2026. 10:00 • 2 daq

66
“Em Insight”: “Xitoy–Qirg‘iziston–O‘zbekiston” temir yo‘li qitʼaning iqtisodiy xaritasini qayta shakllantiradi

LONDON, 10-avgust. /“Dunyo” AA/. Buyuk Britaniyaning ommabop “Em Insight” jurnalida O‘zbekiston Strategik va mintaqalararo tadqiqotlar instituti (SMTI) direktorining birinchi o‘rinbosari Akramjon Neʼmatovning intervyusi chop etildi, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA muxbiri.

SMTI vakilining qayd etishicha, ushbu yirik infratuzilma loyihasi nafaqat transport-logistika tarmog‘ini yangilaydi, balki butun Markaziy Osiyoning geosiyosiy va geoiqtisodiy qiyofasini tubdan o‘zgartiradi.

Intervyuda taʼkidlanishicha, loyihani amalga oshirish surʼatlari dastlabki jadvallardan o‘zib ketmoqda. Aslida besh yilga mo‘ljallangan ushbu “asr qurilishi”ni endilikda muddatidan bir yil oldin foydalanishga topshirish rejalashtirilmoqda. Hozirda Qirg‘izistondagi belgilangan 107 ta uchastkaning 83 tasida faol qurilish ishlari olib borilmoqda va unga 10 mingdan ortiq mutaxassis hamda 7 mingga yaqin og‘ir texnika jalb etilgan.

Akramjon Neʼmatovning so‘zlariga ko‘ra, yangi magistralning loyihaviy o‘tkazish quvvati yiliga 15 million tonnagacha yukni tashkil etadi. Taqqoslash uchun, 2025-yilda Qirg‘izistonning butun milliy temir yo‘l tizimi orqali 10,5 million tonna yuk tashilgan. Ushbu yo‘l Xitoydan Yevropa va Yaqin Sharqqa olib boradigan masofani qariyb 900 kilometrga, yetkazib berish muddatini esa 7–8-kunga qisqartiradi.

Mutaxassis alohida urg‘ulaganidek, mazkur magistral O‘zbekistonning tranzit xab sifatidagi mavqeini mustahkamlab, Janubiy Osiyo, Yaqin Sharq va Yevropa bozorlariga chiqishni taʼminlaydi. Shuningdek, u Sharq-G‘arb va Shimol-Janub yo‘nalishlarini birlashtiruvchi sinergetik tarmoq hosil qilib, “Transkaspiy” (O‘rta koridor) va “Transafg‘on” transport yo‘laklari bilan integratsiyalashadi.

Maqolada, shuningdek, loyihaning sanoat va ijtimoiy-iqtisodiy ahamiyatiga eʼtibor qaratilgan. Temir yo‘l bo‘ylab maxsus sanoat va logistika zonalari, jumladan, Makmal qayta yuklash stansiyasi kabi yirik xablar tashkil etiladi. Bu esa Farg‘ona vodiysi va chekka tog‘li hududlarni ishlab chiqarish va investitsiya markazlariga aylantirishga, sayyohlar oqimini oshirishga hamda yangi ish o‘rinlari yaratishga xizmat qiladi.

“Ushbu temir yo‘l Markaziy Osiyoni shunchaki xom-ashyo yoki tranzit hududidan mustaqil ishlab chiqarish, logistika va qo‘shilgan qiymat yaratish markaziga aylantirishning mustahkam poydevori bo‘lib xizmat qiladi”, — deyiladi “Em Insight” jurnalida eʼlon qilingan maqolada.c

Default Avatar

Material muallifi

Zilola Ahmedova

zilola@dunyo.info

Telegram kanalimizga obuna bo‘ling

Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!

Kanalga o‘tish