Samarqand viloyati va Kichik Polsha voyevodligi muhim sohalarda hamkorlikni rivojlantirishga kelishib oldi
Iyun 25, 2026. 13:00 • 2 daq
• 15
VARSHAVA, 25-iyun. /“Dunyo” AA/. O‘zbekiston elchixonasi tashabbusi bilan Samarqand viloyati hokimi Adiz Boboyev va Kichik Polsha voyevodligi marshali Lukash Smolka o‘rtasida onlayn uchrashuv tashkil etildi, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA muxbiri.
Muzokaralar chog‘ida tomonlar Samarqand viloyati va Kichik Polsha voyevodligi o‘rtasida hududlararo hamkorlikni yo‘lga qo‘yish istiqbollarini atroflicha muhokama qildi, o‘zaro hamkorlikning ustuvor yo‘nalishlarini belgilab oldi.
Polsha tomoni Samarqand viloyati bilan turizm, qishloq xo‘jaligi va oziq-ovqat sanoati, zamonaviy texnologiyalarni, yuqori texnologik va innovatsion ishlanmalarni joriy etish sohalarida sheriklikni rivojlantirishdan manfaatdor ekanini qayd etdi. Shuningdek, aviatsiya, kimyo va metallurgiya sanoati hamda elektrotexnika sohasida qo‘shma loyihalarni amalga oshirish imkoniyatlari ko‘rib chiqildi.
Bundan tashqari Lukash Smolka joriy yilning kuzida Polsha ishbilarmon doiralari va tegishli tashkilotlar vakillaridan iborat delegatsiyaga boshchilik qilib, O‘zbekistonga tashrif buyurishga tayyorligini bildirdi.
Uchrashuv yakunida hududlararo hamkorlikning institutsional asoslarini shakllantirish, qo‘shma loyihalar portfelini tayyorlash va o‘zaro tashriflar almashinuvini faollashtirish bo‘yicha amaliy ishlarni davom ettirishga kelishib olindi.
Telegram kanalimizga obuna bo‘ling
Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!
So‘nggi yangiliklar
Barchasi