O‘zbekiston qamoqda saqlash joylarini boshqarish bo‘yicha jahon tajribasini o‘rganmoqda

Iyun 25, 2026. 10:30 • 4 daq

47
O‘zbekiston qamoqda saqlash joylarini boshqarish bo‘yicha jahon tajribasini o‘rganmoqda

TOSHKЕNT, 25-iyun. /“Dunyo” AA/. Kecha poytaxtimizdagi Inson huquqlari uyida “Inson huquqlari sohasidagi xalqaro standartlar va qamoqda saqlash joylarini boshqarishning ilg‘or amaliyoti” mavzusidagi uch kunlik trening yakunlandi, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA muxbiri.

Trening Inson huquqlari bo‘yicha O‘zbekiston Milliy markazi (IHMM), Yevropada xavfsizlik va hamkorlik tashkilotining (YXHT) O‘zbekistondagi loyihalari koordinatori hamda Ichki ishlar vazirligining qo‘shma loyihasi doirasida, Buyuk Britaniya poytaxt politsiyasi xizmatining ko‘magi va bevosita ishtirokida tashkil etildi.

Ta’kidlash joizki, mazkur Poytaxt politsiyasi xizmati Buyuk Britaniyadagi eng yirik politsiya bo‘linmasi bo‘lib, Londonda huquq-tartibotni saqlash uchun mas’uldir. U 1829-yilda tashkil etilgan bo‘lib, bugungi kunda uning tarkibida 40 mingdan ortiq xodim bor. Bu xizmat Londonda jamoat tartibini saqlashdan tashqari, terrorizmga qarshi kurashish va qirollik oilasi a’zolarini qo‘riqlash kabi bir qator umummilliy vazifalarni ham bajaradi.

Trening davomida asosiy e’tibor tergov hibsxonalarida ishlaydigan huquqni muhofaza qilish organlari xodimlarining qiynoqlarning oldini olish va inson huquqlari sohasidagi xalqaro standartlarga rioya etish bo‘yicha salohiyatini oshirishga qaratildi.

Tadbirning ochilishida Inson huquqlari bo‘yicha O‘zbekiston Milliy markazi direktori, akademik Akmal Saidov, YXHTning O‘zbekistondagi loyihalari koordinatori ofisining loyihalar bo‘yicha xalqaro maslahatchisi Endryu Yurkovski, IIV huzuridagi Tergov departamenti boshlig‘ining birinchi o‘rinbosari Mansur Sattorov, BMTning Qiynoqlarning oldini olish bo‘yicha quyi qo‘mitasi raisining o‘rinbosari, “Taraqqiyot va adolat” xalqaro markazi raisi Elina Shteynarte so‘zga chiqdi.

Akmal Saidov qiynoq va shafqatsiz muomalani taqiqlash inson huquqlari bo‘yicha xalqaro shartnomalarda ham, milliy qonunchilikda ham e’tirof etilgan asosiy huquqlardan biri ekanini ta’kidladi. U yangi tahrirdagi O‘zbekiston Konstitutsiyasida qiynoqqa solish har qanday holatda va hech qanday istisnolarsiz taqiqlanganini alohida qayd etdi.

Akmal Saidov ta’kidlaganidek, milliy qonunchilikka Nelson Mandela qoidalari izchil joriy etilmoqda, mahbuslarning huquqlari doirasi kengaytirilmoqda, ehtiyot chorasini qo‘llash va qamoqda saqlash muddatlari esa qisqartirilmoqda.

Trening davomida ishtirokchilar qiynoqlar va shafqatsiz muomalaning oldini olishning xalqaro-huquqiy va milliy me’yoriy asoslari – BMTning Qiynoqlarga qarshi konvensiyasi, uning Fakultativ protokoli va qamoqda saqlanayotgan shaxslarni himoya qilishning asosiy kafolatlari bilan tanishdilar. Bu masalalarni IHMM Xalqaro hamkorlik bo‘limi boshlig‘i Iqbolbek Abdumajidov hamda qamoqxonalar islohoti va inson huquqlari bo‘yicha xalqaro maslahatchi, Xalqaro penitensiar jamg‘armasi vakili Azamat Shambilov yoritib berdi.

Metropolitan politsiyasi (London) vakillari Filip Maykl Endryus va Jon Norton Danturn qamoqda saqlash va vaqtincha saqlash joylariga oid inson huquqlari standartlari, shuningdek, hibsga olingan paytdan boshlab amal qiladigan asosiy kafolatlar: advokat bilan uchrashish, tibbiy yordam olish, qarindoshlarini xabardor qilish, ro‘yxatga olish va hujjatlashtirish, qolaversa, qamoqda saqlash joylarida boshqaruv va hisobdorlik mexanizmlarini batafsil yoritib berdi.

Treningda hibsga olinganlarning zaif toifalari, genderga oid yondashuvlar va tibbiy kafolatlar masalalari alohida o‘rin egalladi. Shuningdek, BMTning Bangkok qoidalari va qamoqda saqlash sharoitida genderga oid yondashuv masalalari ham muhokama qilindi.

Ishtirokchilar hibsga olinganlarning zaif toifalarini – ayollar, bolalar va voyaga yetmaganlar, nogironligi bo‘lgan shaxslar, chet el fuqarolari va ruhiy kasalliklarga chalingan shaxslarni aniqlash hamda ular bilan ishlashning o‘ziga xos xususiyatlarini o‘rgandilar. Olingan bilimlar guruh taqdimotlari va fikr almashinuvlar davomida mustahkamlandi.

Shuningdek, “Qamoqda saqlash joylarida tibbiy ko‘rik va hujjatlashtirish tartib-taomillari qiynoq va shafqatsiz muomalaning oldini olish hamda aniqlash vositasi sifatida” mavzusi ko‘rib chiqildi. Qamoqda saqlash joylariga joylashtirishdan oldin majburiy tibbiy ko‘rikdan o‘tkazishga oid O‘zbekistondagi so‘nggi qonunchilik va protsessual o‘zgarishlarning xalqaro standartlarga muvofiqligini ta’minlash borasidagi ishlar tahlil qilindi.

Amaliy mashg‘ulotlar doirasida ishtirokchilar qamoqda saqlash sharoitida tibbiy xavf-xatarlar va inson huquqlari buzilishi tahdidlariga nisbatan chora ko‘rish ko‘nikmalariga oid tamoyillarni ishlab chiqdilar.

Trening yakunida mavzu yuzasidan savol-javoblar o‘tkazildi, ko‘tarilgan masalalar sarhisob qilindi va fikr almashildi.

Default Avatar

Material muallifi

Ҳасан Мўминов

muminov@dunyo.uz

Telegram kanalimizga obuna bo‘ling

Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!

Kanalga o‘tish