O‘zbekiston elchisi va Pokiston rejalashtirish, taraqqiyot va maxsus tashabbuslar vaziri ikki tomonlama hamkorlikning yangi yo‘nalishlarini muhokama qildi
Iyun 24, 2026. 11:00 • 2 daq
• 87
ISLOMOBOD, 24-iyun. /“Dunyo” AA/. O‘zbekiston elchisi Alisher To‘xtayev Pokiston rejalashtirish, taraqqiyot va maxsus tashabbuslar vaziri Ahsan Iqbol bilan uchrashdi, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA muxbiri.
Muloqot chog‘ida O‘zbekiston va Pokiston o‘rtasidagi ikki tomonlama munosabatlarni yanada mustahkamlash, strategik sheriklikni yangi bosqichga olib chiqish hamda o‘zaro manfaatli yo‘nalishlarda yangi tashabbuslarni ilgari surishga doir qator masalalar muhokama qilindi.
Vazir Ahsan Iqbol keyingi yillarda O‘zbekiston–Pokiston munosabatlari tarixda misli ko‘rilmagan darajada faollashganini alohida ta’kidladi. Uning aytishicha, joriy yil fevral oyida O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning Pokistonga amalga oshirgan davlat tashrifi ikki mamlakat o‘rtasidagi strategik sheriklik munosabatlarini sifat jihatidan yangi bosqichga olib chiqqan.
Shuningdek, Oliy darajadagi Strategik sheriklik kengashining tashkil etilgani mamlakatlarimiz o‘rtasidagi hamkorlikni yanada tizimli va samarali rivojlantirish uchun mustahkam institutsional asos yaratgani urg‘ulandi.
Tomonlar savdo-iqtisodiy aloqalar rivojiga salbiy ta’sir ko‘rsatayotgan ayrim omillar, xususan, transport-logistika sohasidagi masalalarga alohida e’tibor qaratdi. Qayd etilganidek, so‘nggi yillarda ikki mamlakat o‘rtasidagi transport aloqalarini rivojlantirish borasida muayyan natijalarga erishilgan bo‘lsa-da, mavjud imkoniyatlardan to‘liq foydalanish uchun yana qator amaliy chora-tadbirlarni amalga oshirish talab etiladi.
Shu munosabat bilan, O‘zbekiston va Pokiston o‘rtasida havo qatnovlari yo‘lga qo‘yilgani ijobiy baholandi. Ayni paytda Pokistonning xususiy aviakompaniyalari tomonidan O‘zbekiston yo‘nalishida to‘g‘ridan to‘g‘ri aviaqatnovlarni tashkil etish imkoniyatlarini o‘rganish, parvozlar geografiyasi va sonini kengaytirish muhimligi ta’kidlandi.
Mintaqa uchun strategik ahamiyatga ega bo‘lgan Transafg‘on temir yo‘li loyihasi yuzasidan fikr almashildi. Loyihaning texnik-iqtisodiy asoslarini tayyorlash ishlarini jadallashtirish, uni amalga oshirish bo‘yicha aniq mexanizmlarni ishlab chiqish va amaliy qadamlarni tezlashtirish zarurligi aytib o‘tildi.
Uchrashuv davomida sanoat kooperatsiyasi masalalari ham muhokamalar markazida bo‘ldi. Xususan, to‘qimachilik, charm-poyabzal sanoati, farmatsevtika, jarrohlik asboblari ishlab chiqarish, agrosanoat va oziq-ovqat mahsulotlarini qayta ishlash sohalarida qo‘shma loyihalarni amalga oshirish istiqbollari ko‘rib chiqildi.
Telegram kanalimizga obuna bo‘ling
Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!
So‘nggi yangiliklar
Barchasi