Saudiyaning nufuzli universiteti bilan yaqin hamkorlik o‘rnatiladi

Iyun 25, 2026. 12:30 • 2 daq

38
Saudiyaning nufuzli universiteti bilan yaqin hamkorlik o‘rnatiladi

AR-RIYOZ, 25-iyun. /“Dunyo” AA/. O‘zbekiston elchixonasi vakillari Saudiya Arabistonidagi Fan va texnologiyalar universiteti prezidenti Edvard Birn bilan uchrashdi, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA muxbiri.

Muloqot chog‘ida oliy ta’lim, ilmiy tadqiqotlar va akademik hamkorlikni rivojlantirish istiqbollari atroflicha ko‘rib chiqildi. Saudiya tomoniga so‘nggi yillarda O‘zbekistonda oliy ta’lim qamrovini kengaytirish, ta’lim sifatini xalqaro standartlarga muvofiqlashtirish, ilm-fanni rivojlantirish hamda yetakchi xorijiy oliy ta’lim muassasalari filiallarini tashkil etish borasida amalga oshirilayotgan keng qamrovli islohotlar haqida batafsil ma’lumot berildi.

Universitet prezidenti Edvard Birn mamlakatimizning ta’lim sohasidagi yutuqlarini yuqori baholab, buyuk o‘zbek ulamolarining jahon ilm-fani taraqqiyotiga qo‘shgan hissasini alohida e’tirof etdi. U ushbu tarixiy merosga hurmat ramzi sifatida “KAUST” universiteti kampusidagi markaziy binolardan biriga buyuk alloma Al-Xorazmiy nomi berilganini mamnuniyat bilan qayd etdi.

Suhbat davomida universitet rahbari mazkur oliygoh Qirollikning innovatsiyalar va yuqori texnologiyalar sohasidagi asosiy transformatsiya markazi ekanini, arab olamidagi yetakchi ilmiy muassasalardan biri sanalishini hamda mamlakatda amalga oshirilayotgan ilmiy tadqiqotlarning 70 foizi aynan ushbu majmua hissasiga to‘g‘ri kelishini ta’kidladi.

Ma’lum qilinishicha, “KAUST” asosiy e’tiborni oziq-ovqat xavfsizligi, suv resurslari, energetika, atrof-muhit muhofazasi va sun’iy intellekt kabi global muammolar yechimiga qaratgan bo‘lib, ta’lim faqat ingliz tilida, magistratura va doktorantura bosqichlarida to‘liq bepul (grant asosida) olib boriladi. Shuningdek, talabalar va tadqiqotchilar stipendiya hamda bepul turar joy bilan ta’minlanadi.

Hozirgi kunda ushbu nufuzli ta’lim muassasasida 8 nafar O‘zbekiston fuqarosi tahsil olmoqda va ilmiy faoliyat yuritmoqda. Edvard Birn o‘zbekistonlik iqtidorli yoshlar sonini yanada ko‘paytirish uchun barcha imkoniyatlarni taqdim etishga hamda O‘zbekistonning tegishli vazirlik va idoralari bilan yaqindan hamkorlik qilishga tayyorligini bildirdi.

Muzokaralar chog‘ida joriy yilning sentyabr oyida “KAUST” delegatsiyasining O‘zbekistonga amaliy tashrifini tashkil etish bo‘yicha kelishuvga erishildi.

Tashrif doirasida O‘zbekiston Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vazirligi, “El-yurt umidi” jamg‘armasi, Yangi O‘zbekiston universiteti va boshqa yetakchi oliy ta’lim hamda ilmiy-tadqiqot muassasalari bilan hamkorlik hujjatlarini imzolash, shuningdek, qo‘shma ilmiy loyihalarni yo‘lga qo‘yish rejalashtirilgan.

Default Avatar

Material muallifi

Zilola Ahmedova

zilola@dunyo.info

Telegram kanalimizga obuna bo‘ling

Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!

Kanalga o‘tish