AQSh Senati Markaziy Osiyo mustaqilligining 35 yilligi munosabati bilan maxsus rezolyutsiya qabul qildi
Oktabr 02, 2026. 11:30 • 3 daq
• 102
VASHINGTON, 2-oktabr. /“Dunyo” AA/. AQSh Senati tomonidan Markaziy Osiyo mamlakatlari mustaqilligining 35 yilligi munosabati bilan maxsus rezolyutsiya qabul qilindi, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA muxbiri.
2026-yil iyul oyida AQSh Senatiga Markaziy Osiyo davlatlari mustaqilligining 35 yilligini nishonlash hamda AQShning Qozog‘iston, Qirg‘iziston, Tojikiston, Turkmaniston va O‘zbekiston bilan tobora rivojlanib borayotgan munosabatlarining ahamiyatini e’tirof etishga qaratilgan 816-sonli rezolyutsiya taqdim etilgan edi.
Mazkur hujjat 119-Kongressning 2-sessiyasi doirasida senatorlar Deyns, Piters, Kyortis, Makkormik, Myorfi va Rozen nomidan kiritildi. Joriy yil sentyabr oyida Senatning Tashqi aloqalar qo‘mitasi rezolyutsiyani ma’qulladi.
Rezolyutsiyada Markaziy Osiyo davlatlarining 1991-yilda erishgan davlat mustaqilligi bilan bog‘liq tarixiy sanalar alohida qayd etilgan. Xususan, Qirg‘iziston 1991-yil 31-avgustda, O‘zbekiston 1-sentabrda, Tojikiston 9-sentabrda, Turkmaniston 27-sentabrda, Qozog‘iston esa 16-dekabrda o‘z davlat mustaqilligini rasman e’lon qilgani ta’kidlangan.
Hujjatda 1991-yilda Sovet Ittifoqining tugatilgani, shu bilan birga, uning Markaziy Osiyo ustidan o‘rnatgan hukmronligi ham barham topgani qayd etilgan.
Rezolyutsiyada AQShning Markaziy Osiyo davlatlari bilan munosabatlari ikki tomonlama hamda “C5+1” kabi ko‘p tomonlama formatlar doirasida izchil rivojlanib borayotgani ta’kidlangan. Qozog‘iston, Qirg‘iziston, Tojikiston, Turkmaniston va O‘zbekiston transmilliy tahdidlar, jumladan, terrorizm, tovarlarning noqonuniy aylanmasi va mintaqaviy beqarorlikka qarshi kurashda muhim hamkorlar sifatida qayd etilgan.
Rezolyutsiyada Markaziy Osiyo va Kavkazning Sharq va G‘arbni bog‘lovchi, jahon savdosi, energetika xavfsizligi va raqamli o‘zaro bog‘liqlikni rivojlantirishga xizmat qiluvchi hayotiy muhim geosiyosiy ko‘prik ekaniga urg‘u berilgan. Xususan, “O‘rta koridor” kabi transport va savdo yo‘laklarining ahamiyati alohida tilga olingan.
Hujjatda Markaziy Osiyo davlatlarida davom etayotgan davlat boshqaruvi islohotlari, korrupsiyaga qarshi kurash tashabbuslari va iqtisodiy modernizatsiya ularning uzoq muddatli barqarorligi hamda institutsional mustaqilligini mustahkamlayotgani qayd etilgan.
AQSh Markaziy Osiyoda barqaror va mustaqil iqtisodiy ekotizimlarni shakllantirishga ko‘maklashishga intilayotgani ham rezolyutsiyada o‘z aksini topgan. Bunday yondashuv bozorlarga kirish imkoniyatlarini kengaytirish, xususiy investitsiyalarni jalb qilish va ta’minot zanjirlari xavfsizligini mustahkamlash maqsadlariga xizmat qilishi ta’kidlangan.
Rezolyutsiyada AQSh va Markaziy Osiyo xalqlari o‘rtasida ta’lim, madaniyat va kasbiy sohalardagi almashinuvlar ham tobora chuqurlashib borayotgani qayd etilgan. Bunday aloqalar o‘zaro anglashuvni mustahkamlash va birgalikdagi farovonlikka hissa qo‘shayotgani ta’kidlangan.
Rezolyutsiyaga muvofiq, AQSh Senati:
Markaziy Osiyo davlatlarini mustaqillikning 35 yilligi bilan tabriklaydi;
AQShning Qozog‘iston, Qirg‘iziston, Tojikiston, Turkmaniston va O‘zbekiston bilan munosabatlarining strategik ahamiyatini tasdiqlaydi;
barcha davlatlarning tashqi siyosati, xavfsizlikni ta’minlash mexanizmlari va iqtisodiy ittifoqlarini tashqi majburlovsiz mustaqil ravishda belgilashga bo‘lgan ajralmas huquqini to‘liq qo‘llab-quvvatlaydi;
Markaziy Osiyo davlatlarining mustaqilligi, suvereniteti va hududiy yaxlitligi Yevroosiyoda tinchlik, xavfsizlik va kuchlar muvozanatining asosiy shartlari ekanini tasdiqlaydi.
Shu tariqa, Senatning 816-sonli rezolyutsiyasi Markaziy Osiyo davlatlari mustaqilligining 35 yilligini e’tirof etish bilan bir qatorda, AQSh va mintaqa davlatlari o‘rtasidagi siyosiy, xavfsizlik, iqtisodiy, ta’limiy va madaniy munosabatlarning ahamiyatini ham qayd etadi.
Hujjatda Markaziy Osiyo davlatlarining mustaqilligi, suvereniteti va hududiy yaxlitligi Yevroosiyoda tinchlik va xavfsizlikni ta’minlashning muhim shartlaridan biri sifatida belgilangan.
Telegram kanalimizga obuna bo‘ling
Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!
So‘nggi yangiliklar
Barchasi