Prezident Shavkat Mirziyoyevning Osiyo konstitutsiyaviy sudlari va ekvivalent institutlari assotsiatsiyasining VII kongressi ishtirokchilariga murojaati
Oktabr 01, 2026. 16:30 • 4 daq
• 7
(2026-yil 1-oktabr)
Hurmatli konstitutsiyaviy sudlar va ekvivalent institutlar rahbarlari!
Hurmatli sudyalar va bosh kotiblar!
Sizlarni asrlar davomida turli xalqlar, madaniyat va sivilizatsiyalar o‘rtasidagi muloqot markazlaridan biri bo‘lib kelayotgan qadimiy Samarqand shahrida Osiyo konstitutsiyaviy sudlari va ekvivalent institutlari assotsiatsiyasining VII kongressi ochilishi bilan samimiy muborakbod etaman.
Qadimiy Buyuk ipak yo‘lining chorrahasida joylashgan, bugun ham tinchlik, o‘zaro ishonch va hamkorlik diyori sifatidagi tarixiy missiyasini munosib ado etayotgan bu ulug‘ zaminda konstitutsiyaviy odil sudlov organlari vakillari bir davraga jam bo‘lgani, hech shubhasiz, muhim tarixiy voqeadir.
Konstitutsiyaning ustuvor o‘rni, inson huquqlari, sudyalarning mustaqilligi hamda raqamli transformatsiya davrida adolatni ta’minlash masalalariga bag‘ishlangan nufuzli anjumanning yurtimizda o‘tkazilayotgani Yangi O‘zbekistonga, sud-huquq sohasidagi islohotlarimizga yuksak hurmat va e’tibor ifodasidir.
Qadrli do‘stlar!
Bugungi kunda insoniyat ulkan imkoniyatlar bilan birga ko‘plab sinovlarga ham duch kelmoqda. Turli qarama-qarshiliklar, iqlim o‘zgarishi, ijtimoiy tengsizlik, oziq-ovqat va energetika xavfsizligi, noqonuniy migratsiya va kiberjinoyatchilik kabi muammolar xalqaro huquq tamoyillari hamda davlatlar o‘rtasidagi ishonchni jiddiy imtihondan o‘tkazmoqda.
Bunday murakkab vaziyatda Konstitutsiyaning ustuvorligi faqat ichki huquqiy masala emas, balki davlat suvereniteti, jamiyat barqarorligi va umumiy taraqqiyotning hal qiluvchi sharti sifatida namoyon bo‘lmoqda.
Biz Yangi O‘zbekistonni barpo etish yo‘lidagi barcha islohotlarimiz markaziga insonning qadr-qimmati, huquqi va qonuniy manfaatlarini qo‘ymoqdamiz. «Inson qadri uchun» degan ezgu g‘oya davlat organlarining faoliyati va qonunlarimizning ma’no-mazmunini baholaydigan asosiy mezonga aylanmoqda. Davlat idoralari xalqqa xizmat qilishi, har bir fuqaroning muammosiga o‘z vaqtida samarali yechim topishi uchun tizimli mexanizmlarni ishga solyapmiz.
Yangilangan Konstitutsiyamizda O‘zbekistonning suveren, demokratik, huquqiy, ijtimoiy va dunyoviy davlat ekani qat’iy belgilab qo‘yildi. Qonunchilikdagi ziddiyat va noaniqliklarni inson foydasiga talqin etish, huquqiy ta’sir choralarining mutanosibligi konstitutsiyaviy qoida darajasiga ko‘tarildi.
Biz Konstitutsiyani faqat davlat tuzilishi va hokimiyat vakolatlarini belgilaydigan oliy yuridik hujjat emas, balki xalqimizning erkin va farovon hayotga bo‘lgan xohish-irodasini ifoda etadigan ijtimoiy konseptual majmua deb bilamiz.
Konstitutsiyani hayotimizning tom ma’nodagi asosiy qomusiga aylantirishda konstitutsiyaviy nazorat organlarining o‘rni beqiyos.
Konstitutsiyaviy odil sudlov tizimi qonunlarning Konstitutsiyaga muvofiqligini tekshirish orqali inson manfaatlarini himoya qiladi, davlat hokimiyatining konstitutsiyaviy mezonlar doirasida harakat qilishini ta’minlaydi va jamiyatning adolatga bo‘lgan yuksak ishonchini mustahkamlaydi.
Sudyalarning mustaqilligi esa har bir insonning adolatli sudlovga bo‘lgan huquqini ta’minlaydigan muhim konstitutsiyaviy kafolat bo‘lib, sudyaning Konstitutsiya va qonunlar asosida qaror qabul qilishiga erishish islohotlarimizning tub mazmunidir.
Muhtaram anjuman ishtirokchilari!
Ma’lumki, Osiyo – boy davlatchilik an’analari, turli huquqiy maktablar, madaniyat va taraqqiyot modellari uyg‘un bo‘lgan ulkan mintaqadir.
Mamlakatlarimizning Konstitutsiyalari va sud amaliyotlari turlicha bo‘lsa-da, barchamizni inson qadri, adolat, sudyalar mustaqilligi va qonun ustuvorligi kabi mushtarak qadriyatlar birlashtirib turadi.
Biz mazkur Assotsiatsiyaga raisligimiz davomida Osiyoda huquqiy muloqotni yangi bosqichga ko‘tarish, amaliy hamkorlik muhitini yanada kengaytirish, yangi tashabbus va g‘oyalarni ishlab chiqish, barcha a’zo davlatlarga manfaat keltiradigan ta’sirchan mexanizmlarni joriy etishga harakat qilyapmiz.
Aminmanki, Kongress yakunida qabul qilinadigan Samarqand deklaratsiyasi raqamli davrda konstitutsiyaviy odil sudlov tizimi har tomonlama rivojlanishiga, adolatli jamiyatni barpo etishga qaratilgan umumiy yondashuvlarimizni mustahkamlashga, keng ko‘lamli harakatlar dasturini ishlab chiqishga xizmat qiladi.
Umumiy maqsadimiz – bugungi zamonning talabi bo‘lgan sun’iy intellekt va zamonaviy texnologiyalarni inson manfaatlariga va qonun ustuvorligini ta’minlashga yo‘naltirish, har bir shaxs huquq va erkinliklarini ishonchli himoya qiladigan vositaga aylantirishdan iboratdir.
Fursatdan foydalanib, ushbu nufuzli xalqaro anjumanni tashkil etishga munosib hissa qo‘shgan barcha hamkorlarimizga, mintaqaviy tashkilotlar vakillariga hamda a’zo davlatlar delegatsiyalariga samimiy minnatdorlik bildiraman.
Sizlarni yana bir bor chin qalbdan qutlab, g‘oyat mas’uliyatli va sharafli faoliyatingizda omad va zafarlar, Kongress ishiga esa ulkan muvaffaqiyatlar tilayman.
Shavkat Mirziyoyev,
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti
Telegram kanalimizga obuna bo‘ling
Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!
So‘nggi yangiliklar
Barchasi