Toshkent-Haydarobod–Toshkent o‘rtasida to‘g‘ridan to‘g‘ri yangi aviareys yo‘lga qo‘yildi

Oktabr 02, 2026. 10:00 • 3 daq

• 119
Toshkent-Haydarobod–Toshkent o‘rtasida to‘g‘ridan to‘g‘ri yangi aviareys yo‘lga qo‘yildi

HAYDAROBOD, 2-oktabr. /“Dunyo” AA/. “Centrum Air” aviakompaniyasi tomonidan Janubiy Hindiston va Markaziy Osiyo o‘rtasidagi ilk to‘g‘ridan to‘g‘ri havo yo‘nalishi bo‘yicha Toshkent-Haydarobod–Toshkent o‘rtasida haftasiga ikki marta amalga oshiriladigan muntazam parvozlar yo‘lga qo‘yildi, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA muxbiri.

28-sentabrdan boshlab amalga oshirilayotgan mazkur parvozlar zamonaviy va qulay “Airbus A320neo” samolyotlarida amalga oshirilmoqda. Aviareyslar ikki davlat va mintaqalarni bir-biriga yanada yaqinlashtirish hamda sayyohlar oqimini ko‘paytirish yo‘lidagi muhim amaliy qadam bo‘ldi.

Yangi yo‘nalish bo‘yicha imkoniyatlarni keng targ‘ib qilish maqsadida Haydarobod shahrida “Centrum Air” aviakompaniyasi tomonidan O‘zbekistonning Hindistondagi elchixonasi bilan hamkorlikda taqdimot marosimi o‘tkazildi.

Uchrashuvda elchixona diplomatlari, “Centrum Air” vakillari, Haydarobod aeroporti ma’muriyati, MICE, oilaviy va guruhli turizmga ixtisoslashgan yuzdan ortiq turoperatorlar, sayyohlik kompaniyalari hamda ishbilarmon doiralar vakillari ishtirok etdi.

Tadbirda so‘zga chiqqan O‘zbekistonning Hindistondagi elchisi Sardor Rustamboyev ikki mamlakat o‘rtasida jadal rivojlanayotgan siyosiy, iqtisodiy va gumanitar munosabatlarning ahamiyatiga to‘xtalib o‘tdi. 

Elchining ta’kidlashicha, aviareyslar Telangana shtati va Hindistonning butun janubiy mintaqalari bilan raqamli texnologiyalar, farmatsevtika, zargarlik va turizm sohalarida hamkorlikni kengaytirish uchun mutlaqo yangi imkoniyatlar eshigini ochadi.

Taqdimot davomida “Centrum Air” kompaniyasi vakili ishtirokchilarga parvozlar jadvali va havo kemalari haqida atroflicha ma’lumot berdi.

Haydarobod “Centrum Air” uchun Dehlidan so‘ng Hindistondagi ikkinchi yo‘nalishga aylandi. Ushbu yo‘nalish nafaqat Janubiy Hindiston aholisiga O‘zbekistonga to‘g‘ridan to‘g‘ri sayohat qilish imkonini beradi, balki Toshkent aeroporti orqali Markaziy Osiyo, MDH, Yaqin Sharq va Yevropa mamlakatlari bo‘ylab qulay tranzit yo‘laklarini taqdim etadi.

Tadbir doirasida mamlakatimizning boy turistik salohiyati, zamonaviy mehmonxonalar tarmog‘i hamda dam olish maskanlariga bag‘ishlangan alohida taqdimot namoyish etildi. So‘nggi 5–6 yil davomida Hindistondan O‘zbekistonga kelayotgan sayyohlar oqimi bir necha barobar oshgani ta’kidlanib, yangi yo‘nalishlar orqali bu ko‘rsatkichni yanada yuqori darajaga olib chiqish uchun ulkan imkoniyatlar mavjudligi ko‘rsatib o‘tildi.

Bu borada Haydarobod turizm, talabalar almashinuvi, qarindoshlar va do‘stlar holidan xabar olish hamda xalqaro tranzit sayohatlar uchun beqiyos bozor hisoblanadi. “GMR Hyderabad International Airport Ltd” (GHIAL) vakillarining ta’kidlashicha, ushbu yangi yo‘nalish hududlararo bog‘liqlikni yangi bosqichga olib chiqib, biznes, savdo va madaniy almashinuvlarni sezilarli darajada jadallashtiradi.

Dastlabki reys Haydarobod aeroportidan GHIAL kompaniyasi, “Centrum Air” hamda boshqa mutasaddi tashkilotlarning yuqori martabali vakillari ishtirokida o‘tkazilgan tantanali marosim bilan kuzatib qo‘yildi.

Default Avatar

Material muallifi

Ҳасан Мўминов

muminov@dunyo.uz

Telegram kanalimizga obuna bo‘ling

Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!

Kanalga o‘tish