Aichi-Nagoya-2026: O‘zbekiston hisobiga navbatdagi oltin medallar qo‘shildi
Sentabr 28, 2026. 14:30 • 2 daq
• 167AICHI-NAGOYA, 28-sentabr. /“Dunyo” AA/. Yaponiyadagi XX Osiyo o‘yinlarida O‘zbekiston delegatsiyasi medallar jamg‘arishdagi yurishini davom ettirmoqda, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA muxbiri.
Bugungi bellashuvlarda ham o‘zbekistonlik sportchilar qator muhim natijalarni qo‘lga kiritmoqda. Kurash bo‘yicha Pokizaxon Kamoliddinova -78 kilogramm vaznda Shohista Nazarovani yarim finalda mag‘lub etib, finalga yo‘l oldi, Nazarova esa bronza medalini kafolatladi.
Finalda Pokizaxon Kamoliddinova Janubiy Koreya vakilasini mag‘lub etib, Osiyo o‘yinlari chempioniga aylandi. Yana bir kurashchimiz Ahror Ziyodullayev finalda eronlik raqibini mag‘lub etib, delegatsiyamizga 12-oltin medalni tuhfa etdi.
Qilichbozlikda Zaynab Dayibekova, Fernanda Errera, Gulistan Perdebayeva va Samira Shokirovadan iborat sablya jamoasi bronza medalga ega chiqdi.
Boksda Feruza Kazakova va Shavkatjon Boltayev yarim finalga yo‘l oldi. Shuningdek, Fazliddin Erkinboyev (-80), Abdumalik Xalokov (-60) va Jahongir Zokirov (+90) ham keyingi bosqichga yo‘l oldi.
28-sentabr kuni sportchilarimiz uchun medallar yo‘lida muhim bahslar davom etadi. Boks bo‘yicha vakillarimizning navbatdagi janglari tomoshabinlar e’tibor markazida bo‘ladi.
Yengil atletikada Anvar Anvarov uzunlikka sakrash, Sarvar Ismoilov nayza uloqtirish bo‘yicha finalda ishtirok etadi. Og‘ir atletikada Muhammadqodir Toshtemirov, boksda Sitora Turdibekova va To‘rabek Habibullayev, jamoaviy sport turlarida voleybol hamda chim ustida xokkey terma jamoalarimiz bahs olib boradi.
Aichi-Nagoya-2026 musobaqalarida O‘zbekiston vakillari kurash va boksdagi muvaffaqiyatlarini davom ettirib, medallar sonini oshirmoqda. Kurashchilarimizning yangi oltin medallari, bokschilarimizning shiddatli janglari, boshqa sport turlarida vakillarimizning ishonchli harakatlari hamda o‘z mahoratini namoyish etayotgani bugungi dasturlarni ham yorqin taassurotlarga boy qilishi shubhasiz.
Telegram kanalimizga obuna bo‘ling
Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!
So‘nggi yangiliklar
Barchasi








