Osiyo o‘yinlarida O‘zbekiston sportchilari medallari soni 55 taga yetdi
Oktabr 01, 2026. 15:00 • 2 daq
• 152AICHI-NAGOYA, 1-oktabr. /“Dunyo” AA/. XX Osiyo o‘yinlarida O‘zbekiston delegatsiyasi navbatdagi muvaffaqiyatli kunni o‘tkazdi: musobaqaning o‘n birinchi kuni yakuniga ko‘ra, sportchilarimiz 2 ta oltin, 2 ta kumush va 5 ta bronza medalni qo‘lga kiritdi, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA muxbiri.
Ayniqsa, dzyudo va yunon-rum kurashidagi natijalar e’tiborga molik. Dzyudochi Sita Qadamboyeva va yunon-rum kurashi vakili Aytjan Xalmaxanov oltin medalga sazovor bo‘ldi. Abdurahim Nutfulloyev va Rafael Sitsuashvili esa kumush medallarni qo‘lga kiritdi.
Bokschilarimiz Feruza Kazakova, Sitora Turdibekova va Shavkatjon Boltayev, dzyudochi Samariddin Qo‘chqorov hamda yunon-rum kurashchisi Jalgasbay Berdimuratov bronza medallari bilan taqdirlandi.
Shu tariqa, O‘zbekiston delegatsiyasi hisobidagi medallar soni 55 ta – 16 ta oltin, 20 ta kumush va 19 ta bronzaga yetdi.
Bugun ham sportchilarimiz qator muhim natijalarni qayd etishmoqda. Yunon-rum kurashida Alisher G‘aniyev dastlab filippinlik, keyin yapon va eronlik raqiblarini mag‘lub etib, finalga yo‘l oldi.
Dzyudoda Shahram Ahadov afg‘onistonlik va koreyalik raqiblarini mag‘lub etib, yarim finalga chiqdi. Keyingi bosqichda u yaponiyalik raqibini Golden Score'da mag‘lubiyatga uchratdi va finalga yo‘l oldi. Shahram finalda BAA vakili Kazbek Naguchevga imkoniyatni boy berdi va kumush medal bilan Osiyo o‘yinlarini yakunladi.
Dzyudochilar Shukurjon Aminova va Xurshida Razzoqberdiyeva ham qator g‘alabalarni qayd etib, medallar uchun kurashni davom ettirdi. Aminova qirg‘izistonlik va qozog‘istonlik raqibalarini, Razzoqberdiyeva esa bangladeshlik hamda Xitoy Taypeyi vakilasini mag‘lub etdi.
Slalomda eshkak eshish bo‘yicha Anvar Klevleyev ikkinchi natija bilan finalga yo‘l olgan bo‘lsa, tennisda Humoyun Sultonov Xitoy Taypeyi vakilini 7:6, 6:2 hisobida mag‘lub etib, yarim finalga chiqdi.
Futbolda esa O‘zbekiston U23 terma jamoasi yarim finalda Yaponiya bilan 1:1 hisobida durang o‘ynab, penaltilar seriyasida 8:9 hisobida mag‘lub bo‘ldi. Endi jamoamiz 3 oktyabr kuni bronza medali uchun Xitoy terma jamoasiga qarshi bahs olib boradi.
Shuningdek, bugun sportchilarimiz golf, regbi, jiu-jitsu, velosport, slalom, yunon-rum, ayollar kurashi, dzyudo, badiiy gimnastika, voleybol bo‘yicha yurtimiz sharafini himoya qiladi.
Telegram kanalimizga obuna bo‘ling
Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!
So‘nggi yangiliklar
Barchasi








