4 ming yil avval hozirgi O‘zbekiston hududida ipakchilik bo‘lganmi?

Avgust 11, 2026. 12:30 • 2 daq

45
4 ming yil avval hozirgi O‘zbekiston hududida ipakchilik bo‘lganmi?

TOSHKENT, 11- avgust. /“Dunyo” AA/. Olimlar Surxondaryo viloyatida bundan qariyb to‘rt ming yil avval ipakchilik mavjud bo‘lganidan dalolat beruvchi ashyoviy dalillarni topdi, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA muxbiri.

“Narodnoye slovo” gazetasining yozishicha, qadimgi dehqonlar manzilgohi – Sopollitepadan topilgan topilmalarni o‘rganish Markaziy Osiyoda ipak ishlab chiqarish texnologiyasining tarqalishi haqidagi tasavvurlarni o‘zgartirishi mumkin.

O‘zbekiston Fanlar akademiyasi Antropologiya instituti mutaxassislari xalqaro tadqiqotchilar guruhi bilan hamkorlikda topilgan uchta qadimiy pilla parchasini o‘rgandi. Mikromorfologik va proteom tahlillari ularning xonaki tut ipak qurtiga tegishli ekanini tasdiqladi.

“Radiouglerod tahlili topilmalarning miloddan avvalgi 1940–1765-yillarga oidligini ko‘rsatdi. Arxeologlar o‘sha madaniy qatlamdan barglari ipak qurti uchun asosiy ozuqa bo‘lgan tut daraxti qoldiqlarini ham aniqladi”, –­ deb yozadi gazeta.

Shu bilan birga, pilla va tut qoldiqlarining bir joydan topilishi mintaqa aholisi bronza davridayoq ipak ishlab chiqarish texnologiyasiga ega bo‘lgan bo‘lishi mumkinligini ko‘rsatadi.

Nashrda qayd etilishicha, topilma Buyuk ipak yo‘lining shakllangan sanasi sifatida umumqabul qilingan miloddan avvalgi II asrni o‘zgartirmaydi, biroq ipak va tegishli bilimlar almashinuvi ushbu savdo tizimi paydo bo‘lishidan qariyb ikki ming yil avval boshlanganini ko‘rsatadi. Ushbu tadqiqot natijalari nufuzli “Science Advances” jurnalida chop etilgan.

Default Avatar

Material muallifi

Ҳасан Мўминов

muminov@dunyo.uz

Telegram kanalimizga obuna bo‘ling

Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!

Kanalga o‘tish