“Amwaj”: O‘zbekiston xalqaro platformalar orqali turizm salohiyatini keng targ‘ib qilmoqda
Avgust 11, 2026. 13:00 • 2 daq
• 19
AR-RIYOZ, 11-avgust. /“Dunyo” AA/. Saudiya Arabistonining “Amwaj” elektron nashrida O‘zbekistonning sayyohlik salohiyatiga bag‘ishlangan maqola eʼlon qilindi, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA muxbiri.
Materialda O‘zbekiston turizm sohasini rivojlantirish bilan bir qatorda, uning imkoniyatlarini xorijiy auditoriyaga yetkazishda zamonaviy raqamli vositalardan foydalanishga alohida eʼtibor qaratayotgani qayd etilgan.
Shu maqsadda mamlakat xalqaro turistik bozordagi ishtirokini kengaytirish uchun yirik raqamli platformalar bilan hamkorlikni rivojlantirayotgani, xususan, “Expedia Group”, “Amadeus IT Group” va “Trip.com” kabi kompaniyalar bilan hamkorlik turistik mahsulotlarni keng auditoriyaga taqdim etish hamda xorijiy sayyohlar uchun mamlakat haqidagi axborotni yanada qulay shaklda yetkazish imkonini berayotgani taʼkidlangan.
Maqolada raqamli targ‘ibot mamlakatning boy tarixiy-madaniy merosi va turli turistik yo‘nalishlarini xalqaro miqyosda ilgari surish bilan uyg‘unlashtirilayotgani ko‘rsatilgan. Samarqand, Buxoro va Xiva kabi tarixiy shaharlar, milliy madaniyat va anʼanalar, shuningdek, tabiiy maskanlar O‘zbekistonning asosiy turistik jozibadorlik omillari sifatida keltirilgan.
Shu bilan birga, “Amwaj” xalqaro raqamli platformalar bilan hamkorlikni kengaytirish O‘zbekistonga yangi turistik bozorlardan sayyohlarni jalb etish, mamlakatning turistik brendini xalqaro miqyosda mustahkamlash va jahon turizm bozoridagi mavqeini yanada oshirishga xizmat qilishini taʼkidlagan.
Telegram kanalimizga obuna bo‘ling
Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!
So‘nggi yangiliklar
Barchasi