Shandor Sheremet: O‘zbekistonning mintaqaviy tashabbuslari Markaziy Osiyoda ishonch va barqarorlikni mustahkamlamoqda
Avgust 11, 2026. 12:00 • 2 daq
• 7
BUDAPESHT, 11-avgust. /“Dunyo” AA/. Vengriya xalqaro munosabatlar instituti yetakchi ilmiy xodimi Shandor Sheremet mamlakatimiz mustaqilligining 35 yilligi arafasida “Dunyo” AA orqali yurtdoshlarimizga o‘zining samimiy tabrigi va ezgu tilaklarini yo‘lladi.
– O‘zbekiston mustaqillikka erishganidan buyon murakkab va sharafli taraqqiyot yo‘lini bosib o‘tdi. Ayniqsa, so‘nggi o‘n yillikda amalga oshirilgan keng ko‘lamli islohotlar mamlakat rivojiga yangi surʼat bag‘ishlab, uning iqtisodiy salohiyati, infratuzilmasi va xalqaro hamkorlik imkoniyatlarini sezilarli darajada kengaytirdi.
Bugungi kunda mamlakatning ochiq va pragmatik tashqi siyosati, Markaziy Osiyo davlatlari bilan yaxshi qo‘shnichilik munosabatlarini mustahkamlashga qaratilayotgan eʼtibor muhim ahamiyatga ega. Toshkentning mintaqaviy hamkorlikni rivojlantirishga qaratilgan tashabbuslari nafaqat davlatlar o‘rtasidagi ishonchni mustahkamlamoqda, balki butun Markaziy Osiyoning barqarorligi va investitsiyaviy jozibadorligini oshirmoqda.
O‘zbekiston va Vengriya o‘rtasidagi munosabatlar strategik sheriklik darajasiga ko‘tarilganini alohida taʼkidlash lozim. Ayniqsa, taʼlim, ilm-fan, madaniyat va iqtisodiy sohalardagi aloqalar izchil rivojlanmoqda. “Stipendium Hungaricum” dasturi doirasida ko‘plab o‘zbek yoshlarining Vengriya oliy taʼlim muassasalarida tahsil olayotgani ikki mamlakat o‘rtasidagi gumanitar aloqalarning muhim ko‘rinishi sifatida baholanadi.
Kelgusida energetika, farmatsevtika, qishloq xo‘jaligi, raqamlashtirish, transport-logistika va “yashil” energetika sohalari O‘zbekiston va Vengriya o‘rtasidagi hamkorlikning istiqbolli yo‘nalishlariga aylanishi mumkin. Shu bilan birga, O‘zbekistonning Turkiy davlatlar tashkiloti doirasidagi faol ishtiroki ham yangi imkoniyatlarni yuzaga keltirmoqda.
Mamlakatning barqaror rivojlanish, raqamli transformatsiya va “yashil” iqtisodiyot sohalaridagi saʼy-harakatlari ham eʼtirofga loyiq. Mamlakatda turizm sohasini raqamlashtirish, sunʼiy intellekt va texnologiyalardan foydalanishga asoslangan yagona milliy turistik platformani yaratish kabi tashabbuslar zamonaviy taraqqiyot talablariga mos keladi.
O‘zbekiston yaqin 10–15 yilda Markaziy Osiyoning yetakchi iqtisodiyotlaridan biri sifatidagi mavqeini yanada mustahkamlab, Yevroosiyoning muhim transport-logistika markazlaridan biriga aylanish uchun barcha imkoniyatlarga ega.
O‘zbekiston xalqi va rahbariyatini mamlakat mustaqilligining 35 yilligi bilan samimiy muborakbod etaman. Mamlakat ahliga yangi taraqqiyot marralarini zabt etish, tinchlik va farovonlik, ezgu maqsadlar yo‘lida kuch-g‘ayrat va muvaffaqiyat tilayman.
Telegram kanalimizga obuna bo‘ling
Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!
So‘nggi yangiliklar
Barchasi