Shri-Lankada mushkul ahvolda qolgan vatandoshimiz O‘zbekistonga qaytarildi
Fevral 19, 2026. 11:45 • 40 soniya
• 15
KOLOMBO, 19-fevral. /“Dunyo” AA/. O‘zbekistonning Islomobod shahrida joylashgan elchixonasi ko‘magida ushbu mamlakatda mushkul ahvolda qolgan hamyurtimizning O‘zbekistonga qaytishi taʼminlandi, deb xabar qilmoqda “Dunyo” AA muxbiri.
Diplomatik vakolatxona maʼlumotiga ko‘ra, Shri-Lankadagi vaqtincha saqlash hibsxonasiga joylashtirilgan O‘zbekiston fuqarosi M.R. yordam so‘rab murojaat yo‘llagan.
Elchixona diplomatlari mazkur murojaatni nazoratga olib, Shri-Lanka Migratsiya boshqarmasi mutasaddilari bilan hamyurtimiz sodir etgan huquqbuzarlik yuzasidan muloqot olib bordi.
Aniqlanishicha, vatandoshimiz Shri-Lankaga turistik viza asosida borgan va kafelardan birida ishlayotgan vaqtida ushlangan. Shri-Lanka qonunchiligiga muvofiq, turistik viza asosida mehnat faoliyati bilan shug‘ullanish taqiqlangani sababli u vaqtincha saqlash hibsxonasiga joylashtirilgan.
Shri-Lanka Migratsiya boshqarmasi mutasaddilari bilan olib borilgan muzokaralar natijasida vatandoshimizning O‘zbekistonga qaytishi bo‘yicha kelishuvga erishildi.
Hamyurtimiz “SriLankan” Airlines samolyoti orqali “Kolombo – Kuala-Lumpur – Toshkent” yo‘nalishi bo‘yicha O‘zbekistonga qaytarildi.
Telegram kanalimizga obuna bo‘ling
Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!
Barchasi
