Sibir universiteti o‘zbekistonlik talabalar sonini ko‘paytirishdan manfaatdor
Iyun 22, 2026. 09:00 • 2 daq
• 98
NOVOSIBIRSK, 22-iyun. /“Dunyo” AA/. O‘zbekiston bosh konsuli Aslam Akbarov Sibir davlat muhandislik va biotexnologiyalar universiteti rektori Yevgeniy Rudoy bilan uchrashdi, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA muxbiri.
Suhbat davomida mazkur oliy ta’lim muassasasida talabalarimizning o‘qish jarayoni, ularning tayyorgarlik darajasi, o‘zbekistonlik talabalarning hayoti va turmushiga oid boshqa masalalar muhokama qilindi.
Uchrashuv chog‘ida universitet rektori o‘zbekistonlik talabalar sonini, xususan, irrigatsiya va melioratsiya, tuproqshunoslik, dehqonchilik va biotexnologiya kabi texnik sohalar bo‘yicha oshirishga qiziqish yuqori ekanini qayd etdi.
Shu bilan birga, universitet magistratura va doktorantura bosqichlarida tahsil olish hamda ilmiy-tadqiqot ishlarini olib borish uchun O‘zbekistondan keladigan yosh mutaxassislarni keng jalb etishga tayyor ekanini bildirdi.
O‘z navbatida, O‘zbekiston tomoni mazkur universitet, Toshkent davlat agrar universiteti hamda Toshkent irrigatsiya va qishloq xo‘jaligini mexanizatsiyalash muhandislari instituti hamkorligida gidrologiya va gidrogeologiya, gidromeliorativ tizimlardan foydalanish, issiqxona xo‘jaligini tashkil etish kabi yo‘nalishlar bo‘yicha qo‘shma ma’ruzalar va o‘quv mashg‘ulotlarini yo‘lga qo‘yish orqali ta’lim hamkorligini kengaytirishni taklif qildi.
Rossiya tomoni Bosh konsulning oliy ta’lim muassasalari o‘rtasida hamkorlik aloqalarini kengaytirish xususidagi taklifini mamnuniyat bilan qabul qildi.
Uchrashuvda o‘zbekistonlik talabalarning huquq va manfaatlari davlat himoyasida ekani qayd etildi. Bosh konsulxona ularning Novosibirskdagi oliy ta’lim muassasalarida tahsil olish jarayonida yuzaga keladigan masalalarni hal etishda zarur huquqiy va amaliy ko‘mak ko‘rsatishda davom etishini ma’lum qildi.
Telegram kanalimizga obuna bo‘ling
Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!
So‘nggi yangiliklar
Barchasi