O‘zbekiston Prezidenti “Rosatom” korporatsiyasi bosh direktorini qabul qildi

Oktabr 23, 2026. 12:20 • 2 daq

• 93
O‘zbekiston Prezidenti “Rosatom” korporatsiyasi bosh direktorini qabul qildi

TOSHKЕNT, 23-oktabr. /“Dunyo” AA/. O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev bugun “Rosatom” atom energiyasi bo‘yicha davlat korporatsiyasi bosh direktori Aleksey Lixachyovni qabul qildi, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA muxbiri.

Davlatimiz rahbari matbuot xizmati ma’lumotiga ko‘ra, uchrashuvda mamlakatimizda ilk integratsiyalashgan atom elektr stansiyasini barpo etish loyihasini amalga oshirish hamda ilg‘or texnologiyalar va bilimlar asosida tegishli infratuzilmani rivojlantirish masalalari diqqat markazida bo‘ldi.

Birinchi reaktor binosi poydevorini qurish hamda atom elektr stansiyasini loyihalashtirish ishlari izchil davom etayotgani mamnuniyat bilan qayd etildi.

Sohada malakali kadrlarni tayyorlash, bunda, jumladan, “MMFI” milliy tadqiqot yadro universitetining Toshkentdagi filiali hamda “Rosatom” kompaniyasi obyektlaridagi imkoniyatlardan foydalanish masalalariga alohida e’tibor qaratildi.

Shuningdek, bo‘lajak AES yaqinida energiya tejamkor uy-joylar, zamonaviy ta’lim, tibbiyot va sport muassasalari hamda aholi uchun qulay ijtimoiy infratuzilmaga ega atomchilar shaharchasini barpo etish borasidagi hamkorlik istiqbollari muhokama qilindi.

Default Avatar

Material muallifi

Адилбек Каипбергенов

editor1@dunyo.info

Telegram kanalimizga obuna bo‘ling

Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!

Kanalga o‘tish