Logo

Ozarbayjon OAV: O‘zbek moʻjizasi davom etmoqda

Yanvar 05, 2026. 15:20 • 2 daq

334
Ozarbayjon OAV: O‘zbek moʻjizasi davom etmoqda

BAKU, 5-yanvar. /“Dunyo” AA/. Ozarbayjonning ommabop “Haqqan.az” nashrida “O‘zbek moʻjizasi davom etmoqda” sarlavhali maqola eʼlon qilindi, deb xabar qilmoqda “Dunyo” AA muxbiri.

“O‘zbekiston Prezidenti Administratsiyasi rahbari Saida Mirziyoyeva o‘zining ilk yirik intervyusini berdi. Unda u davlat boshqaruvi tizimidagi o‘z roli, Prezidentning ish uslubi va Administratsiyaning asosiy ustuvor yo‘nalishlari haqida batafsil so‘zlab berdi”, – deb yozgan muallif maqolada.

Nashrda taʼkidlanishicha, Saida Mirziyoyeva Prezident Shavkat Mirziyoyevning shaxsiy fazilatlari haqida to‘xtalib, uning odamlarni eshita olishi, jamoaga ishonish va kadrlar salohiyatini rivojlantirish qobiliyatini qayd etdi. Uning aytishicha, islohotlar nafaqat qatʼiy qarorlar, balki moslashuvchanlik, muloqot va ishonch hisobiga amalga oshirilmoqda.

Administratsiya rahbari ish faoliyatidagi beshta ustuvor yo‘nalishni belgilab berdi: suv taʼminoti, taʼlim, sog‘liqni saqlash, biznesni rivojlantirish va sud tizimi. Ayniqsa, suv masalasiga agrar mamlakat uchun strategik resurs sifatida alohida eʼtibor qaratilayotganini aytdi. Taʼlim va tibbiyotdagi o‘zgarishlarni u natijasi darhol ko‘rinmaydigan uzoq muddatli vazifalar deb atadi.

“Saida Mirziyoyeva sud tizimining ahamiyatini alohida taʼkidladi. Uning fikricha, shaffof va adolatli odil sudlovsiz iqtisodiyotda samarali islohotlar o‘tkazish, investitsiyalar o‘sishi va fuqarolarning davlatga bo‘lgan ishonchiga erishib bo‘lmaydi, – deyiladi materialda.

Shuningdek, Mirziyoyeva o‘zining Administratsiya rahbari etib tayinlanishini Prezidentga joylardagi vaziyat haqida to‘g‘ridan-to‘g‘ri va xolis axborot yetkazib turish zarurati bilan izohladi. Uning aytishicha, aynan shunday mexanizm islohotlar amalga oshirilishini samarali nazorat qilish va hududlardagi real muammolarga o‘z vaqtida munosabat bildirish imkonini beradi”.

Default Avatar

Material muallifi

Zebo Meliyeva

zebo@dunyo.info

Default Avatar

Material muallifi

Zilola Ahmedova

zilola@dunyo.info

Telegram kanalimizga obuna bo‘ling

Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!

Kanalga o‘tish