Misr OAV: O‘zbekiston muhim iqtisodiy xab maqomini mustahkamlamoqda
Sentabr 30, 2026. 13:00 • 2 daq
• 63QOHIRA, 30-sentabr. /“Dunyo” AA/. Misrning nufuzli ommaviy axborot vositalarida Bokuda bo‘lib o‘tadigan Osiyoda hamkorlik va ishonch choralari bo‘yicha kengash (OHICHK) Sammiti arafasida O‘zbekistonning iqtisodiy bog‘liqligi, shuningdek, o‘qituvchilar maqomini oshirishga qaratilgan islohotlarga bag‘ishlangan turkum tahliliy maqolalar e’lon qilindi, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA muxbiri.
“Al Diplomacy” nashri o‘z maqolasida O‘zbekiston Osiyo xaritasida o‘z iqtisodiy mavqeini yangitdan shakllantirayotgani, jo‘g‘rofiy joylashuvni cheklov emas, balki savdo, investitsiya va sanoat uchun ko‘prik qurish imkoniyati sifatida ko‘rayotganini qayd etgan. Maqolada ta’kidlanishicha, 2026-yilning birinchi yarmida Xitoy, Rossiya, Qozog‘iston, Turkiya va Afg‘oniston mamlakat tashqi savdosining qariyb 53 foizini ta’minlagan, yanvar-iyun oylarida esa eksport 32 foizga o‘sib, 14,4 milliard dollarni tashkil etgan.
“Alawstelalamianews” portali esa 2026-yil 15-oktabr kuni Ozarbayjon raisligida Boku shahrida bo‘lib o‘tadigan OHICHKning yettinchi sammitiga e’tibor qaratgan. Nashr O‘zbekiston eksporti va sanoat hamkorligini kengaytirish ishonchli logistika hamda tashqi bozorlarda barqaror shart-sharoitlarni talab qilishini yoritib, MDH davlatlari bilan tovar ayirboshlash hajmi 2020-yildagi 11,8 milliard dollardan 2025-yilda 28,1 milliard dollarga yetganini misol qilib keltirgan.
“Eldameer” gazetasi ham Bokudagi sammit mavzusiga murojaat qilib, O‘zbekistonning tashqi bozorlarga chiqishida eksport salohiyatini oshirish ahamiyatini yoritgan.
Shuningdek, “Al Diplomacy” nashrida O‘zbekistonda har yili 1 oktyabrda nishonlanadigan O‘qituvchilar va murabbiylar kuniga bag‘ishlangan maqola ham chop etilgan. Unda 2024-yil fevral oyida qabul qilingan “Pedagogning maqomi to‘g‘risida”gi Qonun o‘qituvchilarni o‘z vazifasiga kirmaydigan ishlardan himoya qilishi, shuningdek, 46 mingdan ortiq o‘qituvchi ishtirok etgan yangi “Yil o‘qituvchisi” milliy tanlovi haqida so‘z yuritilgan. Materialda “Ustoz otangdek ulug‘” maqoli misolida o‘zbek xalqining o‘qituvchi kasbiga bo‘lgan yuksak hurmati alohida ta’kidlangan.
Telegram kanalimizga obuna bo‘ling
Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!
So‘nggi yangiliklar
Barchasi

