“Vecherniy Bishkek” Markaziy Osiyo va Ozarbayjon “yashil” energetika sohasida hamkorlikni yangi bosqichga olib chiqmoqda

Iyul 25, 2026. 11:30 • 2 daq

89
“Vecherniy Bishkek” Markaziy Osiyo va Ozarbayjon “yashil” energetika sohasida hamkorlikni yangi bosqichga olib chiqmoqda

BISHKEK, 25-iyul. /“Dunyo” AA/. Qirg‘izistonning “Vecherniy Bishkek” nashrida Markaziy Osiyo davlatlari va Ozarbayjon o‘rtasida “yashil” energetika sohasida shakllanayotgan strategik hamkorlik istiqbollariga bag‘ishlangan maqola eʼlon qilindi, deb xabar qilmoqda “Dunyo” AA muxbiri.

Unda keyingi yillarda Markaziy Osiyo va Ozarbayjon o‘rtasida energetika sohasidagi hamkorlik mutlaqo yangi bosqichga ko‘tarilgani, bu esa davlat rahbarlarining o‘zaro ishonch, yaxshi qo‘shnichilik va strategik sheriklikka asoslangan siyosati natijasi ekani taʼkidlangan.

Muallif fikricha, mintaqa mamlakatlari energetika xavfsizligini taʼminlash, suv-energetika resurslaridan oqilona foydalanish, milliy elektr energetikasi tizimlarini o‘zaro muvofiqlashtirish hamda qayta tiklanuvchi energiya manbalarini rivojlantirishni hamkorlikning ustuvor yo‘nalishlaridan biriga aylantirgan. Bu esa Markaziy Osiyoning jahon energetika bozoriga integratsiyalashuvi uchun yangi imkoniyatlar yaratmoqda.

Maqolada O‘zbekistonning “yashil” energetikani rivojlantirish borasida amalga oshirayotgan keng ko‘lamli islohotlariga ham alohida eʼtibor qaratilgan. Xususan, mamlakatda quyosh va shamol elektr stansiyalari, energiya saqlash tizimlari hamda zamonaviy elektr tarmoqlarini barpo etishga qaratilgan loyihalar mintaqa energetika salohiyatini sezilarli darajada mustahkamlayotgani eʼtirof etilgan.

Shuningdek, materialda O‘zbekiston, Qozog‘iston va Ozarbayjon tomonidan ilgari surilayotgan “Yashil energetika yo‘lagi” tashabbusi Markaziy Osiyo energetik hamkorligini sifat jihatidan yangi bosqichga olib chiqishi qayd etilgan. Loyiha Kaspiy dengizi orqali mintaqani Yevropa energetika tizimi bilan bog‘lash hamda ekologik toza elektr energiyasini tashqi bozorlarga yetkazib berish imkoniyatlarini kengaytirishi ta’kidlangan.

Default Avatar

Material muallifi

Xo‘jabek Nematilloxonov

dunyo@dunyo.info

Telegram kanalimizga obuna bo‘ling

Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!

Kanalga o‘tish