“Nauka w Polsce”: O‘zbekiston xotin-qizlar ta’limi uchun misli ko‘rilmagan imtiyozlar paketni joriy etgan
Aprel 18, 2026. 15:30 • 2 daq
• 168
VARSHAVA, 18-aprel. /“Dunyo” AA/. Polshaning “Nauka w Polsce” axborot portalida O‘zbekiston oliy ta’lim muassasalarida xotin-qizlar masalalari bo‘yicha maslahat kengashlarining faoliyati va ularning talaba qizlar hayotidagi roliga bag‘ishlangan maqola e’lon qilindi, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA muxbiri.
Nashrning yozishicha, O‘zbekiston hukumati xotin-qizlarning ta’lim olishi va ilmiy salohiyatini ro‘yobga chiqarishi uchun misli ko‘rilmagan imtiyozlar paketni joriy etgan. Xususan, oliy ta’lim muassasalarida tashkil etilgan Xotin-qizlar maslahat kengashlari talaba qizlarning huquq va manfaatlarini himoya qilish, ularga ijtimoiy va psixologik ko‘mak berish hamda iqtidorli qizlarni ilm-fanga yo‘naltirishda asosiy bo‘g‘inga aylangan.
Maqolada O‘zbekistondagi islohotlarning amaliy natijalariga alohida to‘xtalib o‘tilgan. Masalan, magistratura bosqichida tahsil olayotgan barcha xotin-qizlarning kontrakt to‘lovlari davlat byudjeti tomonidan to‘lab berilishi, ehtiyojmand oilalardan bo‘lgan qizlar uchun alohida kvotalar ajratilishi kabi tashabbuslar Polsha ilmiy doiralarida katta qiziqish uyg‘otgan. “Nauka w Polsce” nashri bunday yondashuvni inson kapitalini rivojlantirish va jamiyatda gender tenglikni ta’minlashning eng samarali modellaridan biri sifatida baholagan.
Shuningdek, maslahat kengashlari huzurida tashkil etilgan “Olima ayollar” klublari va iqtidorli qizlar uchun ta’sis etilgan stipendiyalar haqida ham ma’lumot berilgan. Nashrning xulosa qilishicha, O‘zbekistonning ushbu tajribasi nafaqat Markaziy Osiyo mintaqasi, balki ta’lim sohasida ijtimoiy adolatni ta’minlashni maqsad qilgan boshqa davlatlar uchun ham namuna bo‘la oladi. Bu kabi islohotlar “O‘zbekiston – 2030” strategiyasida belgilangan xotin-qizlarning ijtimoiy-siyosiy faolligini oshirish maqsadlariga to‘la mos keladi.
Telegram kanalimizga obuna bo‘ling
Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!
Barchasi