Vatandoshimiz Shvetsiyada xotin-qizlarni qo‘llab-quvvatlash bo‘yicha yangi xalqaro platformaga asos soldi
Sentabr 17, 2026. 10:30 • 2 daq
• 10
LUND, 17-sentabr. /“Dunyo” AA/. Shvetsiyaning Lund shahrida xotin-qizlarni qo‘llab-quvvatlashga qaratilgan “Woman World Global Sweden” (WWG Sweden) tashkilotining rasmiy ochilish marosimi bo‘lib o‘tdi, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA muxbiri.
Tantanali marosimda O‘zbekiston elchisi Rahmatulla Nurimbetov, Lund universiteti vakillari va professor-o‘qituvchilari, olimlar, fuqarolik jamiyati institutlari vakillari, ekspertlar hamda turli mamlakatlardan kelgan mehmonlar ishtirok etdi.
WWG Sweden asoschisi va rahbari Ozoda Islomova ushbu tashkilot nafaqat xotin-qizlar uchun yangi imkoniyatlar yaratish, balki turli mamlakatlar ayollari, akademik doiralar, fuqarolik jamiyati institutlari va professional hamjamiyatlar o‘rtasida mustahkam xalqaro aloqalarni shakllantirishni maqsad qilganini taʼkidladi.
— Bugun biz shunchaki bir tashkilot eshiklarini ochayotganimiz yo‘q. Biz ayollar ovozi yanada balandroq yangraydigan, ularning taʼlim olish, iqtisodiy imkoniyatlari va qarorlar qabul qilish jarayonlaridagi ishtiroki kengayadigan kelajak uchun yangi imkoniyatlar eshigini ochmoqdamiz, - dedi u.
Uning so‘zlariga ko‘ra, Turkiyada to‘plangan amaliy tajriba, shu jumladan migratsiya va transnatsional hayot tajribasiga ega bo‘lgan ayollarning ijtimoiy, huquqiy va iqtisodiy masalalari bilan ishlash tajribasi WWG Sweden xalqaro faoliyatini rivojlantirish uchun muhim asos bo‘ldi.
WWG Sweden ushbu tajribani Shvetsiyaning akademik va institutsional imkoniyatlari bilan birlashtirishni hamda Shvetsiya, O‘zbekiston va Turkiya o‘rtasida, shuningdek, xalqaro darajada qo‘shma tashabbus va loyihalarni rivojlantirishni rejalashtirmoqda.
Telegram kanalimizga obuna bo‘ling
Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!
So‘nggi yangiliklar
Barchasi